AsosiyJamiyat

Rishton kulolchilik maktabi Italiya bilan hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda

'Rishton kulolchilik maktabi Italiya bilan hamkorlikni yo`lga qo`ymoqda'ning rasmi

Farg`ona viloyatining Rishton tumani hokimi Sufxonjon Soliev boshchiligidagi taniqli kulollar delegasiyasi 24-30 noyabr kunlari davomida Italiyada bo`lib turibdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Safar O`zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan «Angeli» loyihasi rahbari Aida Abdullaevaning ko`magida tashkil etildi. Rishton tumani va Italiyaning kulolchilik san`ati sohasidagi qadimiy an`analari bilan dovrug` qozongan Deruta va Gualdo-Tadino shaharlari vakillari o`rtasida muzokaralar o`tkazildi.

Deruta shahri meri Mikele Toniachchini taklifiga binoan, 25-26 noyabr kunlari O`zbekiston delegasiyasi ushbu shaharga keldi va  o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha Anglashuv  memorandumi imzolandi. Hujjat qator sohalarda hamkorlikda qilishni nazarda tutadi. Xususan, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, tomonlarning investision imkoniyatlarini kengaytirish va qo`llab-quvvatlash, mintaqalar o`rtasida axborot va tajriba almashish, Evropa va xalqaro darajadagi badiiy va madaniy hamkorlikni aks ettiradigan loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun birgalikda grantlar joriy etishga alohida e`tibor qaratilgan. Bundan tashqari, maktab, universitet, ijtimoiy, ilmiy va iqtisodiy, sport va tibbiyot muassasalari o`rtasidagi aloqalarni rivojlantirish nazarda tutilmoqda.

Tomonlar Rishton tumani va Deruta shahri o`rtasida birodarlashgan shaharlar to`g`risidagi bitimni imzolash bo`yicha kelishuvga erishdi.

O`zbekiston delegasiyasi a`zolari Derutadagi kulolchilik muzeyida tashkil etilgan Rishton kulolchilik mahsulotlari ko`rgazmasining ochilish marosimida qatnashdi. Unda Rishtondan olib kelingan yuzlab sopol buyumi maxsus stendlarda namoyish etilmoqda.

2022 yil 10 yanvargacha davom etadigan ko`rgazma Italiya matbuoti tomonidan ham keng yoritilmoqda. Shundan so`ng, mazkur o`zbek kulolchilik maktabi namunalari Italiyaning Umbriya va boshqa mintaqalarida ham namoyish etiladi.

O`zbekiston delegasiyasi Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlikka qarshi kurash kuniga bag`ishlangan «Katerinaning qizil o`rindig`i» sopoldan ishlangan kompozisiyasining ochilish tadbirida ishtirok etdi. Shuningdek, delegasiya Deruta kulollarining ish uslublari va ular tomonidan ishlatiladigan asbob-uskunalar bilan tanishish maqsadida mahalliy ustaxonalarda bo`ldi. Rishton va Deruta kulollari o`rtasida muntazam tajriba almashishni yo`lga qo`yish, Rishton sopol va kulolchilik  buyumlarini savdosini tashkil qilishdagi hamkorlik bo`yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

- O`zaro hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yishdan, tez kunlarda Rishton tumani bilan birodarlashgan shaharlar to`g`risidagi bitim imzolashga qaratilgan memorandumni tasdiqlaganimizdan xursandman. O`zbekiston bilan nafaqat madaniy aloqalar, balki savdo aloqalarini ham yo`lga qo`yish biz uchun katta imkoniyat hisoblanadi, - dedi Deruta shahri meri Mikele Toniachchini.

Deruta Italiyaning markazida joylashgan Umbriya mintaqasidagi yirik shahar hisoblanadi. U kulolchilik va mozaika san`ati bilan jahonga mashhur bo`lib, Italiya milliy kulolchilik an`analari tarixida muhim o`rin tutadi. XVI asrda bu erda mashhur «Rafael»  likopchalari ishlab chiqarila boshlangan. Shaharda Italiyaning eng qadimgi muzeylaridan biri – Kulolchilik  san`ati muzeyiga joylashgan. Unda turli davrlar va uslublarning 5 mingdan ortiq eksponati mavjud.

    Boshqa yangiliklar