Prezident tomonidan «O`zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmon imzolandi.
Unga ko`ra, Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etildi. Shuningdek, quyidagilar departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi bo`linmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, kompleks tahlil qilish hamda ularga amaliy-uslubiy yordam ko`rsatish;
- jamoat tartibini saqlash faoliyatini tashkil etish, jamoat joylarida aholining xavfsizligini ta`minlashda ichki ishlar organlari kuch va vositalarini samarali boshqarish chorasini ko`rish;
- ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatini ta`minlash, profilaktik hisob va ma`muriy nazoratdagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish;
- voyaga etmaganlar va yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qismi bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish orqali ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish;
- yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash faoliyatini tashkil etish, yo`l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, transport vositasini boshqarishga doir cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilish;
- ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolarni ijro etishni ta`minlash, probasiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini nazorat qilish, ijtimoiy moslashtirish va qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish ishlarini tashkil etish.
Shuningdek, ichki ishlar vaziri o`rinbosari zimmasiga jamoat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha yangi joriy etilayotgan boshqaruv tizimini yo`lga qo`yish yuklatildi.