AsosiyJamiyat

SSV tibbiyot muassasalaridagi ortiqcha qog`ozbozlikni qisqartirish choralarini ko`rmoqda

'SSV tibbiyot muassasalaridagi ortiqcha qog`ozbozlikni qisqartirish choralarini ko`rmoqda'ning rasmi

Tibbiyot muassasalarida hali-hanuz ortiqcha ovoragarchiliklar barham topgani yo`q. Shifokorlar qabuliga kirish uchun bemorlar ba`zan soatlab navbat kutishiga to`g`ri kelmoqda. Chunki soha xodimlari zimmasidagi yuklamalar ko`p. Ularning aksariyati qog`ozbozlik bilan bog`liq.

Sog`liqni saqlash vazirligida Toshkent shahridagi bir guruh tibbiyot xodimlari bilan o`tkazilgan uchrashuvda ana shunday holatlar muhokama qilinib, amaliyot uchun foydali bo`lmagan, ortiqcha ovoragarliklarni keltirib chiqarayotgan hujjat va hisobot shakllarini qayta ko`rib chiqish hamda qisqartirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Ma`lum bo`lishicha, tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozir 26 turdagi jurnallar, 33 turdagi hisobot shakllari hamda bemorlarga beriladigan o`nlab turdagi blankalarni to`ldirishga majbur bo`lmoqda.

Masalan, "Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali"ga noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj bo`lmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni “Bugun ko`ngilsiz holatlar sodir bo`lmadi” degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart.

Vaholanki, shifokorning eng asosiy vazifasi odamlarga shifo ulashishdan iborat. U buning uchun har bir bemorga o`rtacha 15 daqiqa vaqt ajratishi kerak. Biroq amalda shundan ma`lum qismi hujjat to`ldirishga sarflanmoqda.

Birlamchi bo`g`in xodimlari “Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali” ham ortiqcha, degan fikrda. Negaki, aholi juda ko`p murojaat qilgan pallalarda qabul bo`limi hamshirasining mazkur jurnalni to`ldirib o`tirishi uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltiradi. Bu esa odamlarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lmoqda.

Qolaversa, bemorlar qabul bo`limidan ro`yxatdan o`tgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana ro`yxatga yozilishi zarur.

Ushbu holatlarni bartaraf etish uchun ayni paytda Sog`liqni saqlash vazirligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o`rganishlar olib borilmoqda.

Jarayon yakunlangach, chiqariladigan xulosalar nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholi uchun ham foydali bo`lishiga inonchimiz komil. Shunda shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini hisobotu hujjatlar to`ldirishga emas, balki bemorlarni davolashga yo`naltirish imkoniga ega bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar