Prezident Shavkat Mirziyoev 30 noyabr kuni gidroenergetika sohasidagi loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mamlakatimizda energetika sohasi keng ko`lamda rivojlantirilmoqda. Neft, gaz kabi uglevodorodlar bilan cheklanib qolmasdan, quyosh, shamol va suvdan elektr energiyasi olish inshootlari barpo etilmoqda.
Xususan, 2017 yilda Prezident farmoni bilan «O`zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. O`tgan davrda 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 8 tasi modernizasiya qilindi. Natijada 244 megavattlik qo`shimcha quvvat yaratildi.
Lekin, yurtimizning gidroenergetika salohiyati 50 foiz ishga solingan, xolos. Shu bois jami 740 megavatt quvvatli 21 ta yirik loyiha ishlab chiqilgan. Xususan, kelgusi yilda 170 megavattli
7 ta, 2023-2024 yillarda 150 megavattli 12 ta hamda 2025-2026 yillarda 420 megavattli 2 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda ushbu inshootlarni sifatli qurish va barqaror ishlashini ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari to`g`on talab etmaydigan kichik gidrostansiyalar qurish masalasiga alohida e`tibor qaratib, bunga xususiy sektorni jalb qilish kerakligini ta`kidladi.
Bugungi kunda 22 ta shunday istiqbolli maydon ro`yxati shakllantirilgan. Ularda quvvati 5 megavattgacha bo`lgan mini gidro elektr stansiyalar qurish bo`yicha tender e`lon qilinishi belgilandi.
Shuningdek, Norin, So`x, Tanxoz, Oq buloq, Ugam kabi daryolar va kanallarda 500 kilovattgacha quvvatga ega ixcham gidrostansiyalar o`rnatish imkoniyati bor. Tadbirda qayd etilganidek, bunday joylar ro`yxati aholi va tadbirkorlarga e`lon qilinadi. Bunda quyosh, shamol elektr stansiyalari o`rnatgani uchun aholi va tadbirkorlarga qanday imtiyozlar berilgan bo`lsa, kichik gidrostansiyalar uchun ham shunday imtiyoz va subsidiyalar qo`llanilishi belgilandi.
Gidroinshootlarni ishlatish uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham to`xtalib o`tildi. Texnika, irrigasiya va arxitektura yo`nalishidagi oliy o`quv yurtlarida bunga alohida ahamiyat qaratish, ularda qurilish hamda gidravlik laboratoriyalar tashkil etish zarurligi qayd etildi.






