AsosiyJAMIYAT

Maktab o`quvchilarining repetitorsiz talaba bo`la olishlari sizning qo`lingizda - XTV vaziri

Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universite...

'Maktab o`quvchilarining repetitorsiz talaba bo`la olishlari sizning qo`lingizda - XTV vaziri'ning rasmi

Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidov Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda universitet rektori Abdug`affor Qirg`izboev, ta`lim dargohi o`qituvchilari va bo`lg`usi pedagog talabalar ishtirok etdi.

Ochiq muloqot tarzida o`tgan uchrashuv davomida vazir bo`lg`usi pedagoglarning ta`lim tizimini rivojlantirish bilan bog`liq takliflarini tinglab, fikr almashdi. 

“Mening farzandlarimni kim tarbiyalayapti, ularga kim bilim beryapti degan savol Prezidentimizni qiynayapti. Shu sababdan bugun men oldinglarga qalbida o`ti bor kadrlarni izlab, fikrlaringni eshitish uchun keldim. Faoliyatimizni muvaffaqiyatli tashkil qilishda sizlarning malakali va salohiyatli hamda xaridorgir kadr bo`lib etishishinglar juda muhim. Pedagogika universiteti kadrlari savodsiz bo`lsa bu jamiyatga, kelajakka xiyonat bo`ladi. O`tmishda qilingan ishlardan xulosa qilib, kelajakka qarash kerak. Kelajakni qurishning asosiy poydevori bu sizlar, ya`ni pedagoglar”, — dedi vazir.

Talabalardan biri nima sababdan bugun maktab o`quvchilari repetitorsiz Oliy ta`lim muassasaga kira olmayapti degan savoliga, vazir shunday javob berdi:

“Aynan shu sababdan bugun men shu erdaman, shuni sizlardan so`ragani keldim. Farzandlarimizning ertaga maktab ta`limining o`zi bilan kifoyalanib, talaba bo`lishlari siz bo`lg`usi pedagoglarning qo`lida. O`zgarishlarni bugun o`zimizdan boshlashimiz kerak. Aybdor izlashdan foyda yo`q. Siz ertaga maktablarimizda mana shunday o`qituvchi bo`lish bugundan harakat qilishingiz lozim. Maktablarimizga shijoatli, mahoratli va yuqori salohiyatli kadrlar kerak.” 

Do`stona ruhda o`tgan uchrashuv qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo`ldi.

Boshqa yangiliklar