Bugun “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma`muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonun bilan haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qo`llarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin bo`ldi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali “endi mashina boshqarayotganda ham telefondan foydalanish mumkin” yoki “rulda bo`lgan holda telefonda gaplashishga ruxsat berildi” va shunga o`xshash xabarlar tarqalmoqda.
Aslida qanday? Ushbu savolga Vazirlik izoh berdi.
Kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga telefondan faqat “bluetooth”, quloqchin va boshqa qo`lni band qilmaydigan garnituralar orqali foydalanishga ruxsat berilmoqda. Bu telefondan foydalanishga yoki unda gaplashishga ruxsat berildi degani emas.
Agarda haydovchilar rulda bo`lgan vaqtida telefondan “bluetooth”SIZ, quloqchinSIZ va boshqa qo`lni band qilmaydigan garnituralarSIZ foydalansa javobgar bo`ladi. Shuni unutmaslik lozim.
Shuningdek, Qonun bilan mashina salonining old qismiga monitor (displey) o`rnatishga ruxsat berildi, ya`ni buning uchun avval mavjud bo`lgan javobgarlik olib tashlandi.
Transport vositasini boshqarish paytida mashina salonining old qismidagi monitor (displey)da tele- yoki videodasturlarni tomosha qilish javobgarlikka sabab bo`lishini yodda tuting . Ya`ni Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 128-2 – moddasiga ko`ra, BHMning bir baravari (hozirda 270 ming so`m) miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
Salonning old qismidagi monitor (displey)dan yo`nalishni aniqlash yoki uzoq manzilni yaqin qilish maqsadida “GPS” qurilma sifatida foydalanish mumkin." deyiladi izohda.






