O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma`lum qildi.
Jinoyat kodeksi loyihasida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga aniq ta`rif berilmoqda va 15 turdagi jinoyatlar bu toifaga kiritilmoqda.
Muhim o`zgarish sifatida korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda.
Endilikda, o`zlashtirish yoki rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilish yoki firibgarlik jinoyatlarini mansab mavqeini suiiste`mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etish qilmishlari uchun 10 yilgacha (ilgari 5 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda.
Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jiyanotlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Eng asosiysi, poraxo`rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o`tash muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi va jazo engilrog`i bilan almashtirilmasligi va boshqa qator dolzarb o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6 iyuldagi Farmoni bilan Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro`yxatini belgilash, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o`tashda engillashtiruvchi normalar qo`llanilishiga cheklovlar belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo`yilgan edi.






