Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda suv xo`jaligi sohasini isloh qilish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar izchil sur`atlarda olib borilmoqda. O`zbekiston Respublikasi suv xo`jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo`ljallangan Konsepsiyasi hamda O`zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigasiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023 yillarga mo`ljallangan strategiyasi tasdiqlandi. Kuni kecha mamlakatimiz Prezidenti “Suv va suvdan foydalanish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.
Qabul qilingan huquqiy-me`yoriy hujjatlar asosida sohada suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, suv xo`jaligi ob`ektlarini modernizasiya qilish, davlat-xususiy sheriklik va suv xo`jaligi ob`ektlariga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi besh yilda jami 891,4 ming gektar, jumladan, 290,3 ming gektarda tomchilatib, 13,5 ming gektarda yomg`irlatib, 10,6 ming gektarda diskret sug`orish texnologiyalari va 299,3 ming gektarda egiluvchan quvurlar, 91,9 ming gektarda egatga plyonka to`shab sug`orish texnologiyalari joriy qilindi. Shu bilan birga, 185,8 ming gektar maydonlar lazer uskunali tekislagichlar bilan tekislandi. Shundan, 2021 yilning o`zida 490,1 ming gektarda suvni tejaydigan sug`orish texnologiyalarini joriy qilishga erishildi. Suvni tejaydigan sug`orish texnologiyalari joriy qilingan aksariyat maydonlarda 35–40 foizgacha suv resurslari iqtisod qilindi.
Irrigasiya-meliorasiya ob`ektlarini qurish va rekonstruksiya qilishga respublika byudjetidan ajratilgan 5 755,7 mlrd. so`m mablag`lar hisobiga 2 782,6 km kanallar, 554,6 km lotok tarmoqlari, umumiy suv chiqarish qobiliyati 62,8 m³/sek bo`lgan nasos stansiyalar, 546 ta tik sug`orish quduqlari, 5 148,0 km kollektor-drenaj tarmoqlari, 379 ta vertikal drenaj quduqlari va boshqa suv xo`jaligi ob`ektlari qurildi. Natijada irrigasiya-meliorasiya tizimi tarmoqlarining texnik holati, 1,43 mln. gektar sug`oriladigan va 1,22 mln. gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilandi.
Shuningdek, suv xo`jaligi ob`ektlarini modernizasiya qilishga xorijiy investisiyalar jalb qilinishiga erishildi va 6 ta loyiha doirasida jami 521,5 mln. AQSh dollar kredit o`zlashtirildi. Bunda loyihalar hududida 373,9 ming gektar sug`oriladigan maydonlarning suv ta`minoti yaxshilanishiga erishildi.
Sohada zamonaviy-axborot kommunikasiya texnologiyalarida keng foydalanish yo`lga qo`yildi. Jumladan, suv xo`jaligi ob`ektlarida 4 966 ta zamonaviy raqamli texnologiyalar, jumladan, 2 908 ta “Aqlli suv”, 1 727 ta meliorativ kuzatuv quduqlarida er osti sizot suvlari ko`rsatkichlarini va 306 ta nasos stansiyalarida suv miqdorini onlayn monitoring qilish qurilmalari o`rnatildi va 25 ta yirik ob`ektlar avtomatlashtirildi.
Natijada, suv resurslarini boshqarish, suvning hisobini onlayn yuritish imkoniyati yaratilib, ma`lumotlarni jamlash, qayta ishlash va monitoring qilish imkonini beruvchi 5 ta moduldan iborat “Vaziyatlar markazi” axborot tizimi ishga tushirildi.
2020 yildan boshlab suv xo`jaligi ob`ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish tizimining joriy etilishi yo`lga qo`yildi. 2020–2021 yillarda suv xo`jaligi tizimidagi 67 ta nasos stansiya, 43 ta quduq, 214,1 km irrigasiya va 512,7 km kollektor tarmoqlari boshqaruvini xususiy sherikka berish yuzasidan umumiy qiymati 1 162,3 mlrd. so`m bo`lgan 96 ta davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolandi.
Ushbu loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan dastlabki 3 yilda 123,3 mlrd. so`m miqdorida investisiya kiritilishi hisobiga ob`ektlar modernizasiya qilinadi va 141,0 mlrd. so`m byudjet mablag`lari iqtisod qilinishiga erishiladi.
2021 yilda suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigasiya tadbirlari hisobiga 7,5 mlrd. m³ suv tejalishiga erishildi.
Konsepsiya va strategiya bilan soha oldiga ulkan maqsadlar qo`yilgan. Xususan, 2022–2026 yillarda xorijiy investisiyalar ishtirokidagi 8 ta loyiha doirasida 1 023,3 mln. AQSh dollari miqdorida kredit o`zlashtiriladi, 363 km kanallar, 1366 ta gidrotexnika inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Natijada, loyihalar hududida 1,2 mln. gektar sug`oriladigan maydonlarning suv ta`minoti yaxshilanadi, kanallarning foydali ish koeffisienti 15 foizga (0,65 dan 0,80 gacha) oshadi, nasos stansiyalarda yiliga o`rtacha 100 mlrd. so`m ekspluatasiya va elektr energiya xarajatlari uchun byudjet mablag`i iqtisod qilinadi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo`yicha Yangi O`zbekiston strategiyasi loyihasi doirasida 2022–2026 yillarda respublika bo`yicha 1,5 mln. gektar maydonda, shundan 1,3 mln. gektar maydonda tomchilatib va 200 ming gektar maydonda boshqa zamonaviy suvni tejaydigan sug`orish texnologiyalari joriy qilinib, sug`oriladigan maydonlarning 34,8 foizi qamrab olinadi.
2017-2021 yillarda o`z muddatini o`tagan 741 ta nasos va 1141 ta elektrodvigatel energo tejamkoriga almashtirildi, elektr energiya iste`moli 2017 yilda 8,34 mlrd.kVt.soat, 2018 yilda 7,99 mlrd.kVt.soat, 2019 yilda 7,41 mlrd.kVt.soat, 2020 yilda 7,2 mlrd.kVt.soatni tashkil etib, iste`mol 2017 yilga nisbatan 1,1 mlrd.kVt.soatga tushirilishiga erishildi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, energiya tejamkor qurilmalarni o`rnatish va elektr energiyasidan samarali foydalanish, shuningdek, raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 2026 yilga borib elektr energiyasi iste`moli 2021 yilda kutilayotgan 7 300 mln. kVt. soatdan 6 900 mln. kVt. soatga tushiriladi.






