SSV matbuot xizmati Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi vaziyat haqida ma`lumot berdi.
— Shifoxona 2000 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, ayni paytda bu erda koronavirusga gumon qilingan, PZR test tasdiqlangan va pnevmoniyaga chalingan 737 nafar bemor davolanmoqda, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. — So`nggi 10 kun ichida muassasaga o`rta hisobda har kuni 85 nafar bemor qabul qilinib, kuniga ularning o`rtacha 63 nafari sog`aymoqda.
Ta`kidlanishicha, ayni paytda shifoxonaga murojaat qilayotganlarni turli yosh toifasidagi insonlar tashkil etmoqda. Qolaversa, muassasaning jonlantirish bo`limida muolaja olayotgan og`ir va o`ta og`ir ahvoldagi bemorlar orasida bolalar, yoshlar va katta yoshdagi insonlar ham bor. Afsuski, ularning ko`pchiligi koronavirusga qarshi emlanmagan.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida yashovchi 68 yoshli B.N. ana shunday bemorlardan. O`z vaqtida vaksina olmagani sababli joriy yil 24 noyabrda koronavirus kasalligining og`ir kechishi bilan ushbu shifoxonaga olib kelingan. Yondosh xastaliklari bo`lgani bois keyinchalik reanimasiya bo`limiga o`tkazilgan.
— Shu kungacha kasalxonamizda davolangan bemorlar orasida vaksina olgan 531 nafar bemorning 509 nafarida (96 foiz) kasallik engil va o`rta og`ir darajada kechgan, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o`rinbosari Hilola Alimova. — Qolgan 22 nafarida kasallik nisbatan og`ir o`tgan. Bunga esa ularning aksariyati katta yoshli ekani, shu bilan birga, yurak etishmovchiligi, gipertoniya, qandli diabet kabi yondosh kasalliklari borligi sababdir.
Ta`kidlash joizki, emlangandan so`ng shakllangan immunitet kasallikni o`tkazgandan keyingi himoyadan yaxshiroq. Sababi emlashda neytrallovchi antitanachalarning miqdori kasallik o`tkazgandan keyin shakllanadigan antitanachalar miqdoridan ancha yuqori bo`ladi.
Qolaversa, vaksina olmagan insonlarda xastalikning og`ir kechishi va o`lim holati kuzatilishidan tashqari, uzoq muddatli nafas olish, yurak qon-tomir tizimi hamda bosh miyaning shikastlanishi davom etishi mumkin. Shu sababli shifokor sifatida yurtdoshlarimizga kasallikka qarshi vaksina olishni tavsiya qilaman.
Eslatib o`tamiz, ayni kungacha mamlakatimizda jami 34 660 874 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan:
1-bosqich emlanganlar 17 849 571 nafarni,
2-bosqichda emlanganlar 11 111 655 nafarni,
3-bosqichda emlanganlar 5 699 648 nafarni tashkil qilmoqda.






