AsosiyJamiyat

Rasmiy hujjatlarga apostil qo`yish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatish takomillashtiriladi

'Rasmiy hujjatlarga apostil qo`yish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatish takomillashtiriladi'ning rasmi

Hukumat qarori (732-son, 03.12.2021 y.) bilan Rasmiy hujjatlarga apostil qo`yish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Ma`muriy reglamentga ko`ra, rasmiy hujjatga apostil qo`yish, murojaat etuvchining o`z xohishiga ko`ra, an`anaviy yoki elektron tarzda amalga oshiriladi.

 Murojaat etuvchi davlat xizmati olish uchun DXMga o`zi kelib yoki YaIDXPda ro`yxatdan o`tgan holda elektron tarzda murojaat etadi.

So`rovnoma to`ldirilib, uni ko`rib chiqish uchun tegishlicha yig`im undiriladi:

➖ ta`lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo`yicha – BHMning 20 foizi miqdorida;

➖ adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo`yicha – BHMning 20 foizi miqdorida;

➖ boshqa hujjatlar bo`yicha – BHMning 10 foizi miqdorida.

 YaIDXP orqali murojaat etilganda, yig`im summasining 90 foizi undiriladi.

 So`rovnoma rasmiy hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida ko`rib chiqiladi.

Quyidagilarga apostil qo`yilmaydi:

🔸 chet elda O`zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan rasmiy hujjatlarga;

🔸 tijorat yoki bojxona operasiyalariga to`g`ridan-to`g`ri aloqador bo`lgan rasmiy hujjatlarga;

🔸 O`zbekiston fuqarolik pasportiga, identifikasiya ID-kartasiga, harbiy biletga.

Rasmiy hujjatga apostil qo`yish bilan bog`liq barcha jarayonlar “E-App” va “E-register” dasturlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

 Shuningdek, quyidagi hollarda apostil qo`yish rad etiladi:

- rasmiy hujjatda zarur rekvizitlarning hech bo`lmaganda biri mavjud bo`lmasa yoki mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr, shtamplarning haqiqiy emasligi aniqlansa;

- rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega bo`lmasa.

Mazkur tartib 2022 yil 1 martdan amalga kiritiladi.

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar