AsosiyJamiyat

Teatrda noto`g`ri faoliyat yuritgan rahbarlardan biri ishdan olindi, ikki nafariga hayfsan e`lon qilindi

'Teatrda noto`g`ri faoliyat yuritgan rahbarlardan biri ishdan olindi, ikki nafariga hayfsan e`lon qilindi'ning rasmi

Kuni kecha, 2 dekabr kuni Madaniyat vazirligida respublikadagi barcha davlat teatrlari direktorlari va rejissyorlari hamda “O`zbek davlat sirki” davlat muassasasi rahbar va mas`ul xodimlari ishtirokida dolzarb masalalarga bag`ishlangan muhokama o`tkazildi.

Mazkur muhokamada davlat teatrlari, sirk va boshqa tomosha muassasalarida 2021 yilda sahnalashtirilgan spektakllar va tomoshalarning saviyasi, natijadorligi hamda 2022 yilda sahnalashtirilishi rejalashtirilgan repertuarlar rejasi ko`rib chiqildi, deya ma`lum qilmoqda vazirlik.

Yig`ilishda Bahodir Ahmedov davlat teatrlari va “O`zbek davlat sirki” davlat muassasasida ijro nazorati, hujjatlar va kadrlar bilan ishlash, davlat buyurtmasiga ajratilgan byudjet mablag`larining o`z o`rnida maqsadli sarflanishida xato va kamchiliklarga yo`l qo`ygan rahbar va ijodiy xodimlarga nisbatan keskin choralar ko`rilishini aytib o`tgan.

Shu bilan birgalikda, “O`zbek davlat sirki” va teatrlaridagi repertuar siyosati, ijodiy va ishchi xodimlarga zarur sharoitlar yaratilmayotgani, davlat buyurtmasiga ajratilgan mablag`larning ayrim hollarda maqsadli sarflanmayotgani ham jiddiy tanqid ostiga olingan.

"Teatrlarda ijodiy faoliyatni to`g`ri yo`lga qo`ymaganligi, davlat buyurtmasiga ajratilgan mablag`lardan maqsadli foydalanilmaganligi sababli 1 nafar teatr direktori vazifasidan ozod etildi va 2 nafar teatr direktorlariga hayfsan e`lon qilindi",-deya e`lon qilmoqda Madaniyat vazirligi.

Boshqa yangiliklar