Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash va parvarishlash tibbiyot xodimlaridan alohida e`tiborni talab etadi. Ayniqsa, bu xastalik keksa yoshli va buyrak kasalligi bilan og`rigan kishilarda og`ir o`tishini hisobga olsak, ular zimmasidagi mas`uliyat ikki hissa ortadi. Qolaversa, bunday bemorlarni samarali davolash uchun tibbiyot muassasalarini zarur tibbiy jihozlar bilan ta`minlash ham muhim ahamiyatga ega.
Xo`sh, yurtimizda bu borada bemorlar uchun qanday sharoitlar yaratilgan?
SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor MIRAZIMOV javob berdi.
— Shifoxonamiz koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan yurtimizdagi eng yirik tibbiyot muassasalaridan biri bo`lib, ayni paytda 2000 nafar bemorga mo`ljallangan markazda koronavirusga gumon qilingan, PZR test musbat natijasi tasdiqlangan va pnevmoniyaga chalingan 700 nafarga yaqin bemor muolaja olyapti, — deydi D.Mirazimov. — Bemorlarning 97 nafari og`ir, 455 nafari o`rta og`ir, 116 nafari o`ta og`ir ahvolda. Ayni paytda jonlantirish bo`limida 129 nafar kishi davolanmoqda.
Shifoxonaga kuniga o`rta hisobda 80 nafarga yaqin bemor murojaat qilib, shulardan 50 nafarga yaqini gospitalizasiya qilinyapti. Qolaversa, bir kunda o`rtacha 75-85 nafar kishi kasallikdan to`liq sog`aymoqda. Natijada joriy yilning sentyabr oyi bilan solishtirganda bemorlar soni 40 foizga kamaydi.
Bilamizki, koronavirusga chalinganlar maxsus shifoxonada davolanadi. Jumladan, COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan gemodializga muhtoj kishilar ham ana shunday markazlarda shifokorlarning qat`iy nazorati ostida muolaja olishlari zarur. Bu esa o`z navbatida ushbu xastalikni davolashga ixtisoslashgan muassasalarni zarur tibbiy jihozlar bilan ta`minlashni taqozo etadi.
Aytish mumkinki, bu borada shifoxonada barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, markazda bemorlarga gemodializ muolajasini olishlari uchun bir vaqtning o`zida 20 ta o`rin-joy ajratilgan.
Eslatib o`tamiz, yaqinda mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish federal xizmati rahbari, Rossiya Federasiyasi Bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo`lib, koronavirusga chalingan gemodializga muhtoj bemorlarning bu erda davolanishi dunyoning qator davlatlari o`rgansa bo`ladigan ibratli tajriba ekanini e`tirof etgan edi.






