O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 dekabr - Konstitusiya kuni munosabati bilan o`zbek xalqiga tabrik yo`lladi.
"Qadrli vatandoshlar! Avvalo, siz, azizlarni, ko`pmillatli butun xalqimizni qutlug` ayyom – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman",-deydi u nutqi avvalida.
Prezident so`zini davom ettirarkan, butun dunyo qatori O`zbekistonda ham davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sababli bu yil ham Konstitusiya kuniga bag`ishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda o`tkazishning imkoni bo`lmayayotganini aytadi.
"Lekin bu bayram qalblarimizga quvonch va shukuh bag`ishlab, oilalarimizda, mehnat jamoalari, ta`lim maskanlari, mahallalarda shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda",-deya alohida qayd etadi Mirziyoev.
"Muhtaram do`stlar!
Hayotimiz qomusi bo`lgan Konstitusiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo`lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Aynan Konstitusiyamizga tayanib, biz bundan besh yil oldin mamlakatimizda Harakatlar strategiyasini qabul qildik va Yangi O`zbekistonni barpo etish bo`yicha keng ko`lamli islohotlarni boshladik. O`tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma`rifiy manzarasi butunlay o`zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o`zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo`nalishiga aylandi.
Biz Konstitusiyamizda muhrlab qo`yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g`oyasiga sodiq qolib, shu yo`lda keng ko`lamli ulkan ishlarni amalga oshirdik, katta bilim va tajriba to`pladik.
Avvalo, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitusiyaviy qoidadan kelib chiqib, xalq bilan doimiy muloqot qilish faoliyatimiz mezoni etib belgilandi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yo`lga qo`yildi.
Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha mansabdor shaxslar quyi bo`g`inga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda.
Muhim qaror va qonunlar loyihalarini, byudjet mablag`laridan oqilona foydalanish, davlat xaridlari masalalarini muhokama qilish jarayonida bugun fuqarolarimiz faol ishtirok etmoqda. Shu asosda davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari o`rtasidagi hamkorlik va jamoat nazorati yangi bosqichga ko`tarilmoqda.
Yurtdoshlarimiz uchun mamlakatning xohlagan hududida emin-erkin yashash, uy-joy va ko`chmas mulk sotib olish, fuqarolikka ega bo`lish, bilim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug`ullanib, daromad topish, turli davlat xizmatlaridan foydalanishga oid keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Eng muhimi, bunday o`zgarishlarni har bir inson kundalik hayotida ko`rmoqda, his etmoqda.
Ayniqsa, davlat tomonidan O`zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini chet ellarda ham ta`minlash bo`yicha boshlagan ishlarimiz xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizning Vatanimizga bo`lgan mehri va ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bunday natijalarga erishishda Konstitusiya va qonunlarimiz talablaridan kelib chiqib, iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta`minlash, tibbiyot va ta`lim sohalaridagi muammolar, majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag`allik, korrupsiyaga qarshi kurash masalalari keng jamoatchiligimiz ishtirokida hal etilayotgani muhim rol o`ynamoqda",-deya ta`kidlab o`tadi davlat rahbari.
"Aziz va qadrli vatandoshlar!
"Mana shu ulug` ayyomda xalqimizning dilidagi bir fikrni yana bir bor ta`kidlab aytmoqchiman: Yangi O`zbekistondagi islohotlar endi hech qachon ortga qaytmaydi.
Yangi O`zbekiston g`oyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulug` maqsad yo`lida yanada jipslashib, g`ayrat-shijoat va mas`uliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, ko`zlagan yuksak marralarimizga albatta etamiz.
Ishonchim komil, oradan yillar, asrlar o`tadi, lekin g`oyat qiyin va murakkab, og`ir sinovli yillarda Yangi O`zbekistonni bunyod etishga munosib hissa qo`shgan insonlarni kelgusi avlodlar minnatdorlik bilan eslaydi",-deydi Shavkat Miromonovich barchaga ana shunday buyuk baxt va sharaf yor bo`lishini tilab.
"Jonajon O`zbekistonimiz doimo gullab-yashnasin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o`zi madadkor bo`lsin",-deydi Prezident so`ziga yakun yasab.






