Kecha Dubay (BAA) shahrida bo`lib o`tayotgan “EKSPO-2020” Butunjahon ko`rgazmasida O`zbekiston kuni doirasida milliy pavilonda 1000 kilogrammlik bayram palovi tayyorlanib, uni ikki mingdan ortiq kishi tatib ko`rdi.
Gastronomik tadbir muallifi milliy taomlar bo`yicha taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy bo`lib, unga mamlakatimizning eng sara oshpazlari yordam berdi.
Taom tayyorlash jarayoni O`zbekiston milliy paviloniga kiraverishda o`rnatilgan ulkan ekranda onlayn shaklda translyasiya qilindi.
Yurtimiz tarixi va madaniyatiga bag`ishlangan tantanaga kelganlarning ko`pchiligini palovning xushbo`y hidi, karnay va surnaylarning baland ovozdagi chaqiruvi o`ziga tortdi.
Afsonaviy o`zbek palovidan tatib ko`rish uchun odamlarning uzundan-uzoq navbatga turgani oshpazlarimizning mahoratiga, milliy taomlarimiz tantanasiga berilgan yuksak baho bo`ldi.






