“Bola huquqlarining kafolatlarini ta`minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–735, 07.12.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, 13 yoshga to`lgan shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bekor qilindi.
Ilgari 13 yoshga to`lgan shaxslar javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o`ldirganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shunga ko`ra, jinoiy javobgarlikka tortish 14 yoshdan boshlanadi.
16 yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali sodir etilganda og`irlashtiruvchi holat sifatida belgilandi.
Voyaga etmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so`roq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi belgilandi.






