AsosiyJamiyat

Bo`kadagi maktabda 3-sinf o`quvchisining onasi janjal ko`tardi. Nega? XTV vaziyatni o`rgandi

'Bo`kadagi maktabda 3-sinf o`quvchisining onasi  janjal ko`tardi. Nega? XTV vaziyatni o`rgandi'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligi so`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan Toshkent viloyati, Bo`ka tumanidagi 2-umumta`lim maktabida yuz bergan noxush holat bo`yicha quyidagilarni ma`lum qildi:

Mazkur holat tezkorlik bilan Xalq ta`limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan o`rganildi.

Aniqlanishicha, Bo`ka tumanidagi 2-umumta`lim maktabining 3-sinf o`quvchisi E.V. 2021 yil 19 noyabr juma kuni maktabga borayotganda qor yog`ib, ko`chalar suv bo`lganligi uchun oyog`i bilan suvga tushib, ho`l bo`lgan.

Ushbu maktabning yoshlar etakchisi maktab koridorida V.E.ning oyog`i ho`l bo`lganligini ko`rib sinf xonasiga olib kirgan va o`quvchini sinf rahbari Feruza Qo`shmatovaga topshirgan.

Sinf rahbari o`quvchining salomatligidan qayg`urib, bolani uyi maktabga yaqin bo`lganligi sababli oyoq kiyimlarini almashtirib kelish uchun uyiga jo`natgan va yo`ldan o`tkazib qo`ygan.

Bolaning onasi A.N. o`g`lini oyog`i ho`l holatda uyiga qaytib kelganligini ko`rib, nima bo`lganligini so`raganida o`g`li sinfdoshlari suvga itarib yuborganligini, shuning uchun oyog`i ho`l bo`lganligini aytgan, ona o`g`lining oyoq kiyimlarini almashtirmagan holda qaytarib, maktabga olib kelgan va baqirib janjal ko`targan. Maktab ma`muriyati darhol o`quvchiga quruq kiyim va paypoq berib ustini almashtirgan.  

Sinf rahbari, maktab psixologi, maktabning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosarlari onaga sinf xonasida janjal ko`tarmasligini, sinfdan tashqarida muassasa rahbariyati bilan birgalikda bu masalani hal qilishni aytgan, lekin A.N. sinf xonasidan chiqmasdan o`quvchilarga tazyiq o`tkazib, janjalni davom ettirgan.

Ushbu vaziyatdan maktab direktori xabar topib, tuman Qo`riqlash xizmati xodimlarini chaqirtirgan, biroq fuqaro huquq-tartibot idoralariga ham qarshilik ko`rsatgan.

Vazirning Nazorat-huquqiy xizmati aralashuvidan so`ng profilaktika inspektorining ish yurituvida bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 40-(tuhmat), 183-(mayda bezorilik) va 194 (milisiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida ko`rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun fuqaro A.Nosirjonovaga nisbatan to`plangan hujjatlar mazmunan ko`rib chiqish uchun 2021 yil 9 dekabr kuni soat 11:45 da Jinoyat ishlari bo`yicha Bo`ka tumani sudiga yuborilishi ta`minlandi.

Shu bilan bir qatorda, sinf rahbari Feruza Qo`shmatovaga O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 197-5-moddasiga muvofiq pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o`z xizmat vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilish holati yuzasidan sudga murojaat etish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Sud natijalari bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar