Nazarbek temir yo`l bekatining 3363-kilometrida joylashgan qo`riqlanadigan temir yo`l kesishmasidan avtomobillar harakati vaqtincha to`xtatildi. Bu haqda “Toshkent MTU” UK Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda viloyatlar markazlari bilan bog`lovchi avtomobil yo`llarida yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash, transport o`tkazish qobiliyatini oshirish va aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida Toshkent viloyatining Toshkent tumani hududida 4R253 “Toshkent sh - Turkiston sh/x - Qozog`iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo`lining 3- kilometridagi temir yo`l ostidan yo`l o`tkazgich qurish ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan kecha, 8 dekabrdan boshlab Nazarbek temir yo`l bekatining 3363-kilometrida joylashgan qo`riqlanadigan temir yo`l kesishmasidan avtomobillar harakati vaqtincha to`xtatilgan.
Ma`lum qilinishicha, mazkur hududdagi hamda ushbu hududga kelayotgan avtomobillar “Keles-Nazarbek” temir yo`l bekatlarining 3359-km 9- piketi va “Nazarbek -Dalaguzar” temir yo`l bekatlarining 3367 km 1-piketida joylashgan qo`riqlanmaydigan temir yo`l kesishmalari orqali harakatlanishlari mumkin.
Ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholi hamda barcha haydovchilardan vaqtinchalik yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so`ragan holda, temir yo`l kesishmalaridan o`tayotganda yo`l qoidalariga qat`iy rioya qilib, tirbandliklarga yo`l qo`ymasdan harakat xavfsizligini ta`minlashga yaqindan yordam berishi so`ralgan.






