2021 yilning 9 dekabr kuni Rossiya Federasiyasining Ardatov tumani Ideal qishlog`i yaqinidagi Ardatov–Arzamas mahalliy trassasida “Progress” MChJga tegishli ish avtobusi va Kamaz rusumli yuk mashinasi to`qnashib ketgan.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Samara shahridagi vakolatxonasi ushbu holat yuzasidan tegishli tashkilot vakillari bilan aloqa o`rnatdi.
Ma`lum bo`lishicha, yo`l transport hodisasi vaqtida avtobusda ketayotgan 22 yo`lovchining 13 nafari O`zbekiston fuqarosi bo`lgan. Avtohalokat oqibatida tan jarohati olgani sababli 5 nafar O`zbekiston fuqarosi Nijniy-Novgorod viloyati M.Vladimirskiy nomidagi shahar tez tibbiy yordam kasalxonasiga yotqizilgan.
Ushbu avtohalokat oqibatida tan jarohati olgan yurtdoshlarimizning ahvoli qoniqarli bo`lgani sababli tegishli tibbiy xizmat ko`rsatilgandan so`ng, shu kunning o`zida ularga kasalxonadan javob berilgan.






