AsosiyJamiyat

O`zbek degan nom ostida birlashamiz!

'O`zbek degan nom ostida birlashamiz!'ning rasmi

Maktabda o`qib yurgan paytlarimda negadir «O» harfini yozishga qiynalganman. Birinchi o`qituvchimiz shuncha tayinlasalar ham, xusnixat daftarda chiroyli yozish so`ralsa ham aynan shu harfimni tik qilib yozishga ko`p uringanman. Shunda bir kuni o`qituvchim doskaga chiqarib, «Ona deb yoz» deganlar. Tabiiyki, so`z «O» harfidan boshlashim kerak. Ikkilanib turganimni ko`rib, ustozim, «Nima, sen onangni yomon ko`rasanmi?» deganlar jiddiy. Shu ikki og`iz gap yuragimga shu qadar qadalganki, barmoqlarim beixtiyor «Ona» degan so`zni birdan ravon yozib ketgan. Chunki barcha farzandlar qatori onamni juda yaxshi ko`rardim. O`ylab qarasam, bugun men uchun «Ona» so`zi men uchun dunyoda eng chiroyli eshitiladigan va yoziladigan kalomdir. U bilan muqaddas so`zlar Ona Vatan, Ona tabiat, Ona tuproq kalomlari o`ta jarangli va salobatli eshitiladi. 

         Aslida kishida Ona Vatan degan ilk tushunchalar bolalik davridan boshlanadi. Maktabdagi partalardan, ariqlardagi yalpizlardan, o`rtoqlaring bilan bahorda osmonga uchirgan varraklardan. O`sha qadrdon manzaralar sog`inchi o`ziga tortaverdi. Shuning uchun odam qaerda bo`lmasin, qanday natijaga erishmasin o`z ildizidan uzilib ketolmaydi. Tug`ilib o`sgan joyi, o`zi bilan ulg`aygan tuyg`ularidan nari borolmaydi. Ota-ona bag`rida o`tgan bolalik, sho`x-sha`n kechgan yoshlik, ulkan orzular qilishing, yuqori marralarni ko`zlashing, oila atalmish qo`rg`oningdagi farzandlaringni jajji niyatlariga tilakdosh bo`lishingda tinchlik qanchalik katta ahamiyat kasb etishini hamma vaqt ham anglamaydi kishi. Bugungidek notinch zamonda, qaylardadir urush olovlari o`chmagan paytda ona Vataningdagi osudalikka, xalqning kundalik tashvishlari bilan bandligiga, to`ylar tashvishi bilan yurganiga, bir so`z bilan aytganda faravonligiga shukrona keltirasan.Ayniqsa, oxirgi yillarda ilm-fan, adabiyotga qaratilayotgan e`tibor sezilarli darajada ortdi. Ijodkorlarga qilinayotgan g`amxo`rlik ko`pchilikning, hatto xorijliklarning ham havasini keltirdi. Chunonchi, poytaxtimiz markazida adabiyotimiz namoyondalari siymosiga ehtirom sifatida Adiblar xiyobonining barpo etilgani, u erdagi 24 nafar ustoz ijodkorlarning ijodini chuqur o`rganish hamda targ`ib etish maqsadida yurtimizdagi oliy o`quv yurtlariga biriktirib qo`yilganligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zolariga imtiyozli kreditlar evaziga uy-joylar berilganligi, yoshlarning kitoblari o`n minglab nusxalarda bepul chiqarilayotganligi bularning bari adabiyotga berilayotgan e`tiborning dalilidir.  

Yaqinda mamlakatimiz ana shu tinch kunlar kafolatini beradigan katta va mas`uliyatli jarayonni boshidan o`tkazdi. O`zbekiston Respublikasi siyosiy hayotidagi Prezidentlikka saylov xalqimiz hayotidagi jiddiy sinovdir. Yurtning kelajagini, xalqning to`kinligini ta`minlaydigan bu davr har birimiz uchun o`ta muhim hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasining

Qarori shu yil 29 oktyabrdagi 1154-sonli qaroriga asosan yuqori 80,12 foiz ovoz bilan besh yil muddatga Shavkat Mirziyoevning Respublikamiz Prezidenti etib saylanganligi fuqarolarimizning xolis tanlovi, adolat tantanasi bo`ldi, desak yanglishmaymiz. Respublikamizning barcha hududlari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo`yicha 14 ta saylov okrugi bo`yicha o`tkazilgan saylovning adolatli o`tganligining isboti shundaki, viloyatlarimiz, shaharlarimiz bo`ylab tashkil etilgan barcha saylov uchastkalaridagi ishlarning o`ta tartib bilan yo`lga qo`yilganligi, odamlarimizning har biri o`z nomzodini o`zi ko`rsatganligida ko`rindi. Qishloqda saksondan oshgan buvim bilan gaplashsam: «Men ham ovoz berdim bolam. Shu poshshomizga berdimda. O`zi yaxshi olib boryaptiku. Shunga o`xshab, elu-yurtini o`ylaydiganlar ko`paysin ilohim, bolam» dedilar duoga qo`l ochib. 

Tunov kuni mazkur jarayonlarning tantanali yakuni bo`lmish tadbirga ko`pchilik yurtdoshlarimiz qatori poytaxtimizdagi Xumo arenasiga bordim. Soat 16:00 da O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari e`lon qilindi. Bu fursatni hamma kutganini, intiq bo`lganini o`sha lahzada zaldagi qarsaklardan, olqishlardan bilsa bo`lardi. Nihoyat, sahnaga Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev chiqib keldi. Davlatimiz rahbarining yaqin istiqboldagi rejalar, yutuqlar va maqsadli vazifalar haqidagi muhim fikrlarini hamma hayajon bilan tingladi. Bu shunchaki balandparvoz so`zlar emas, mamlakat taqdiriga daxldor, farovonlik, tinchlik va taraqqiyotimiz bilan bog`liq aniq va dolzarb mulohazalar edi. Bu ulug` yo`lda har birimiz bir musht bo`lib, Ona Vatan rivoji uchun hissa qo`shishimiz uchun da`vat bo`ldi. Bu da`vat esa bizni o`zbek degan ulug` nom ostida birlashtiradi.

Darvoqe, kamina ham amaldagi Prezidentimizga ovoz berdim. Chunki Vatanim taqdirida o`zimning, oilamning, ayniqsa xalqimning kelajagini yorug` bo`lishini istayman!   

Nargiza ASADOVA, jurnalist  

    Boshqa yangiliklar