Bugun yurtimizda sog`liqni saqlash sohasining eng muhim yo`nalishi bo`lgan “Tez yordam” xizmatini malakali kadrlar bilan ta`minlash va ular malakasini oshirishga alohida e`tibor qaratilyapti.
Buning natijasida 2021 yilning ayni shu davriga kelib, “103” xizmatida faoliyat olib borayotgan shifokorlar soni 13 ming 798 nafarga etdi. Sohani malakali vrach kadrlar bilan ta`minlanganlik darajasi esa 90,7 foizni tashkil qilmoqda.
Jumladan, bu ko`rsatkich Namangan va Buxoro viloyatlarida 100 foiz, Samarqand viloyatida 99 foiz, Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Andijon viloyatida esa 95 foizga teng.
Tizimda faoliyat yuritayotgan shifokorlarning 2316 nafari yuqori malaka toifasiga ega bo`lsa, 1186 nafari birinchi, 1088 nafari esa ikkinchi toifali mutaxassislardir.
Shuningdek, oxirgi yillarda yana bir muhim jihat – “Tez yordam” xizmatini reanimatolog-shifokorlar bilan ta`minlash borasida ham ijobiy natijalar qayd etilib, tizimda mehnat qilayotgan ushbu mutaxassislar soni 686 nafarga etdi. Bu borada eng yaxshi ko`rsatkich Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hissasiga to`g`ri kelib, mazkur hududlarda “103” xizmati to`liq ushbu mutaxassislar bilan ta`minlangan.
Qolaversa, bugungi kunda sohada mehnat qilayotgan o`rta tibbiyot xodimlari 29 ming 227 nafar, ta`minlanganlik darajasi esa qariyb 99 foizni tashkil qilmoqda.
Aytish lozimki, ularning 5411 nafari yuqori malaka toifasiga, 5603 nafari 10-20 yil, 3893 nafari 20 yildan ortiq ish stajiga ega bo`lgan o`rta tibbiyot xodimlaridir.






