“Chiroqchi tumani Xo‘ja Abdujabbor qishlog‘ida yer cho‘g‘ bo‘lib yonishda davom etmoqda. Yonish yer tagidan chiqyapti. Yonishni to‘xtatib bo‘lmayapti. Yonish nimadan yoki nima uchun ekanligi noma’lum. Yomg‘ir yoqqanda kuchayadi, deyilmoqda” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi.
Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ushbu holat yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, Chiroqchi tuman “Yangiqurilish” MFY Xo‘ja Abdujabbor qishlog‘i hududidagi yerdan chiqayotgan tutun Chiroqchi tuman nazorat isnpeksiyasi inspektorlari, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Hududgaz ta’minot tuman filiali xodimlari tomonidan o‘rganildi. O‘rganish jarayonida taxminan 0,10 ga yer maydoni avval yonib o‘chganligi va hozirda kunda taxminan 0,01 ga yer maydoni ustidan tutun chiqib atrofga badbo‘y hid tarqalayotganligi kuzatildi.
O‘rganish davomida ushbu qishloqda yashovchi oqsoqollar bu joy taxminan 50-70 yillar oldin chuqurlik joy bo‘lib, qamishzor bo‘lganligi va yillar o‘tib qamishlar ustiga tuproq yopilib ketganligi ta’kidlandi.
Ushbu holat bo‘yicha Geologiya sohasi mutaxassislarining o‘rganish o‘tkazib xulosalari taqdim qilingunga qadar, dastlabki xulosa yer ostidagi qolib ketgan qamishlar qizishi va chirishi natijasida ushbu holat yuzaga kelganligi bo‘yicha dastlabki xulosa qilindi.
"Holatni o‘rganish ishlari davom etmoqda, o‘rganish yakunlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni taqdim etamiz", - deyiladi xabarda.






