O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun muhokama etildi.
Ta`kidlanishicha, Soliq kodeksiga soliq yukini qisqartirish va soliq ma`muriyatchiligini takomillashtirish borasidagi quyidagi yangi normalar kiritilmoqda:
- Jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar ham QQS ob`ekti sifatida belgilanmoqda.
- Tadbirkorlik sub`ektlarini amortizasiya ajratmalari normalari miqdorlarining oshirilishi belgilanmoqda.
- Innovasion hamda ichki va tashqi investision faoliyatni rag`batlantirish maqsadida qo`shimcha “investisiyaviy chegirma” normasi kiritilmoqda.
- “Ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlar”ni hisobga olish xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.
- Norezidentlarning respublika hududida oladigan dividendlari hamda xorijiy investorlar kiritgan investisiyalardan dividend va foiz ko`rinishidagi daromadlaridan soliq to`lashi tartibi kiritilmoqda.
- Yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlari va ular bo`yicha hisoblangan foizlarni er-xotin yoki ulardan birining yoshi belgilangan yoshdan oshguniga qadar har bir soliq davri davomida tegishli miqdorda qoplashga yo`naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan ozod qilish nazarda tutilgan.
- Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar uchun belgilangan imtiyoz qo`shimcha ravishda ularga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joylar bo`yicha ular 23 yoshga to`lguniga qadar amal qilishi belgilanib, mol-mulk solig`idan ozod etilmoqda.
- Binolarga mol-mulk solig`ini hisoblash uchun minimal qiymat belgilash nazarda tutilmoqda.
- Hisobvaraq-faktura yoki nazorat-kassa mashinasi cheklarida xo`jalik yurituvchi sub`ekt amalga oshiradigan faoliyat turi va xususiyati yoki xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga mos kelmaydigan identifikasiya kodlarini aks ettirish holatlari bo`yicha jarima belgilanmoqda.
Qonun bilan mulk solig`i, er solig`i stavkalari va imtiyozlari bo`yicha o`zgartishlar, foydali qazilmani qazib olish (ajratib olish) hajmi er qa`ridan foydalanganlik uchun soliq, foydali qazilmalarning ayrim turlariga nisbatan soliq bazasini aniqlashning o`ziga xos xususiyatlari, foydali qazilmalarni qazib olishda maxsus renta solig`ini hisoblab chiqarish va to`lash bo`yicha qo`shimchalar kiritilmoqda.
Senat a`zolari tomonidan “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun ma`qullandi.






