Bugun, 15 dekabr kuni erta tongda Birlashgan Millatlar tashkiloti Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasining gumanitar yuki ortilgan ikkita maxsus yuk mashinasi Termiz orqali Afg`onistonning Mozori Sharif shahriga jo`natildi. Bu haqda O`z A xabar bermoqda.
Mazkur yuk BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasining Afg`onistonni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan sayi-harakatlarining bir qismi bo`lib, afg`on xalqiga hayotiy yordam ko`rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Insonparvarlik yordami BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasining Surxondaryo viloyatidagi "Termez Cargo Centre"da O`zbekiston hukumati ko`magida tashkil etilgan gumanitar markazidan yuklanib, qo`shni davlatga yuborildi. Zamonaviy terminal O`zbekiston – Afg`oniston chegarasidan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan bo`lib, bu erda yuklarni saqlash va qo`shni mamlakatga jo`natish uchun etarli sharoit yaratilgan.
Afg`onistonga yuborilgan dastlabki qirq tonnaga yaqin gumanitar yuk oshxona anjomlari, plastmassa qoplama va boshqa zarur hayotiy narsalardan iborat. Gumanitar yordam yuklari joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida havo va quruqlik orqali Termizga etkazilib, "Termez Cargo Centre" terminalida saqlanayotgan edi.
–Biz, O`zbekiston hukumati va Termizdagi hamkorlarni afg`on xalqiga juda zarur gumanitar yordam ko`rsatish uchun doimiy qo`llab-quvvatlayotganini qadrlaymiz,– deydi BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasining katta maslahatchisi janob Frank Remus.– Hozir izg`irin sovuq oldidan millionlab afg`onlar oziq-ovqat etishmovchiligiga duch kelayotgan bir paytda ularning hayotini saqlab qolish va oldini olish uchun shoshilinch yordam zarur. Buning uchun "Termez Cargo Centre"dagi gumanitar markazda barcha qulaylik mavjud. Markaz qo`shni davlatga juda yaqin hududda joylashgan. Bu yukni Afg`onistonning Mozori Sharif shahridagi omborimizga olib borib, joylashtiramiz. U erdan ehtiyojmandlarga tarqatiladi. Kelgusida qish uchun issiq ko`rpa-to`shak va boshqa zarur narsalarni etkazib berishni mo`ljallayapmiz.
BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissarligi Boshqarmasi Termizga gumanitar yuklarini oldindan joylashtirib, Afg`onistonda kutilayotgan favqulodda vaziyatlarga puxta hozirlik ko`rdi. Endilikda gumanitar markazdan Termizdagi yuklarni jo`natadigan muhim punkt sifatida foydalanilmoqda.
BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi faoliyati davomida Afg`onistondagi favqulodda vaziyatlarni yumshatish uchun barcha turdagi insonparvarlik yuklarini Termiz orqali jo`natadi.






