Koronavirusning “omikron” shtammi aniqlangan mamlakatlar soni 77 taga etdi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus kecha shu haqda bayonot berdi. Uning ta`kidlashicha, ko`rsatkichlar bundan ham yuqori bo`lishi mumkin. Chunki yangi mutasiya biz o`ylagandan ko`ra tezroq sur`atda tarqalmoqda.
Ushbu holat kelgusida yana bir global muammoni keltirib chiqarishi ehtimoli yuqori. Ya`ni JSST kasallanishlar soni keskin ko`payishi bilan shifoxonalarda o`rin-joylar etmay qolishidan jiddiy xavotirda.
— “Omikron”ni faqat koronavirusga qarshi vaksinalar bilangina to`xtatib qololmaymiz, — deydi T. Gebreyesus. — Boshqa ehtiyot choralarini ham kuchaytirishimiz shart. Jumladan, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, bino va xonalarni tez-tez shamollatib turish, shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy amal qilish zarur.
Shuningdek, JSST rahbari o`z bayonotida “omikron”ning xavfli jihatlari hali etarlicha o`rganilmagani va baholanmaganini ham aytdi.
Buni boshqa mutaxassis va ekspertlar xulosalari ham tasdiqlaydi. Masalan, “Moderna” kompaniyasining bosh tibbiyot mutaxassisi Pol Burtonning aytishicha, “omikron” va “delta” shtammlari bir vaqtning o`zida yuqib, inson tanasi hujayralariga kirgach, yangi, yanada xavfli virus turi paydo bo`lishiga olib kelishi mumkin.
Uning so`zlariga ko`ra, "omikron" koronavirusning engilroq shtammi, deb o`ylash xatodir.
Janubiy Afrika Respublikasining eng yirik provinsiyalaridan biri — Yoxannesburgda joylashgan Vitvatersranda universiteti tadqiqotchisi Shabir Madhi ham shunday fikrda. Ya`ni “omikron” hozir bizga ma`lum bo`lganidan ham xavfliroq bo`lishi mumkin.
Rossiya bosh vaziri o`rinbosari Tatyana Golikova esa jahon olimlari xulosasiga tayanib, “delta” bilan kasallangan har bir bemor bu virusni o`rtacha 0,8 kishiga yuqtirishi ehtimolini aytdi. “Omikron”ga chalinganlarda bu ko`rsatkich 3-3,5 kishiga etishi mumkin.
Binobarin, xitoylik olimlar tomonidan o`tkazilgan tadqiqot natijasida “omikron” bronxlarda “delta”ga qaraganda 70 marta tezroq ko`payishi aniqlandi.






