O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov KOICA Koreya xalqaro hamkorlik agentligi Prezidenti Son Xyuk Sang bilan uchrashuv o`tkazdi.
Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining ma`lum qilishicha, konstruktiv muloqot rivojlanish sohasidagi ko`p qirrali moliyaviy va texnik hamkorlikning hozirgi holatini har tomonlama ko`rib chiqish imkonini berdi.
Qayd etilishicha, O`zbekistonda KOICA vakolatxonasi ochilganidan buyon qiymati 130 mln dollarga teng bo`lgan 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, Koreyadagi o`zbek mutaxassislari uchun 2 mingdan ortiq stajirovkalar tashkil etilgan. Bundan tashqari, sog`liqni saqlash, ta`lim, axborot texnologiyalari, kommunal xo`jaligi, qishloq va suv xo`jaligi, energetika, transport va boshqa sohalarda KOICAning 600 dan ortiq ko`ngilli-mutaxassislari O`zbekistonda o`z missiyalarini amalga oshirishgan.
Joriy yilda ta`lim, axborot-kommunikasiya sohasi, ekologiya va tibbiyot sohalarida boshlab yuborilgan grant loyihalarining amalga oshirilishi, shuningdek, Koreya Respublikasi Prezidentining 2019 yil aprel oyida O`zbekistonga davlat tashrifi chog`ida imzolangan va KOICA grant mablag`larining 72 mln dollardan ziyodini O`zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etishni nazarda tutuvchi 2020-2022 yillarga mo`ljallangan o`rta muddatli Hamkorlik dasturini hayotga tatbiq etishda erishilgan yutuqlar muhokama qilingan.
"Tomonlar Agentlik bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish salmoqli salohiyatga ega ekanini qayd etib, raqamlashtirish, kimyo sanoati, tadbirkorlikni rivojlantirish, ekologiya, ko`kalamzorlashtirish va virusli kasalliklar, jumladan, COVID-19 qarshi kurashish kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar",-ta`kidlanadi xabarda.
Ma`lum qilinishicha, uchrashuv davomida Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan maktabgacha va kasb-hunar ta`limi, raqamlashtirish, kimyo, tadbirkorlikni rivojlantirish, ekologiya, ko`kalamzorlashtirish va cho`llanishga qarshi kurashish, shuningdek sog`liqni saqlash sohalarida yangi grant loyihalarini amalga oshirishni ko`zda tutuvchi 2022-2024 yillarga mo`ljallangan Hamkorlik dasturi kelishib olingan
Yakunida tomonlar kelishilgan loyihalar va dasturlarni ilgari surishni jadallashtirish borasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishgan..