Dehqonga nima etishtirish bo`yicha buyurtma berishdan boshlab, etishtirilgan mahsulotlarning xo`l yoki qayta ishlangan holda savdo do`konlariga etkazib borishgacha bo`lgan tizimi faoliyatini bitta tashkilot muvofiqlashtiradi. Bu haqda “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperasiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarorida ko`zda tutilgan.
"Endilikda oldin mahsulot etishtirib, keyin xaridor izlash amaliyotidan voz kechamiz. Buning uchun ichki bozor, qayta ishlash korxonalari va xorijiy davlatlari talabini o`rganib chiqamiz. O`rganish natijasida, etishtiriladigan mahsulot uchun ichki bozorga supermarketlar tizimi, muzlatgichli omborxonalar va qayta ishlash korxonalari bilan, eksportga esa eksportyor korxonalar va xorijiy kompaniyalar bilan fyuchers shartnomalari asosida mahsulot etishtirishni tashkil choralarini ko`ramiz",– dedi Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi Bog`dorchilik va issiqxona xo`jaligini rivojlantirish agentligi direktori Husniddin Karimov
Bundan tashqari:
- meva-sabzavot mahsulotlari turini tanlashda dehqonlarning etarlicha daromad olishiga imkon beradigan hamda har bir hududning tuproq-iqlim sharoitiga mosini tanlanadi;
- bog` va tokzorlarni qaytadan to`liq inventarizasiyadan o`tkazib, hosildorligi past, mahsulotiga talab yuqori bo`lmagan, eskirgan bog`lar o`rnida mahsulotiga talab yuqori bo`lgan zamonaviy bog` va tokzorlar barpo etiladi;
- intensiv bog` va tokzorlar barpo etishga yaroqli er uchastkalarini tanlash va ochiq tanlovga chiqariladi;
- meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini to`liq inventarizasiyadan o`tkazib, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda hududlar talabidan kelib chiqqan holda yangilarini quriladi. Bunda, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishga alohida e`tibor qaratiladi;
- davlat byudjetidan ajratilayotgan kreditlar doirasida tijorat banklari bilan birgalikda meva-sabzavotchilik yo`nalishidagi loyihalarni ishlab chiqiladi.






