Hukumatning tegishli qarori bilan Milliy gvardiya Qo`riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik bo`linmalari va qorovullik bo`linmalari to`g`risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga ko`ra, harbiylashtirilgan soqchilik bo`linmalari va qorovullik bo`linmalari toifalangan ob`ektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xo`jalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning ob`ektlarini, ularning mol-mulkini qo`riqlash uchun tashkil etiladi.
Ular tomonidan quyidagi xizmatlar ko`rsatiladi:
harbiylashtirilgan soqchilik bo`linmalari tomonidan:
● ob`ekt yoki uning bir qismini qo`zg`almas post orqali qo`riqlash va xavfsizligini ta`minlash;
● piyoda yoki transport vositasida, shuningdek, boshqa vositalarda muayyan hududdagi ob`ektlarni yoki ularning hududlarini yo`nalish bo`ylab qo`riqlash;
qorovullik bo`linmalari tomonidan – qo`zg`almas post orqali ob`ekt yoki uning bir qismini qo`riqlash va xavfsizligini ta`minlash.
Harbiylashtirilgan soqchilik bo`linmalari va qorovullik bo`linmalariga ishga ixtiyoriy tartibda, tanlov asosida, belgilangan talablarga javob beradigan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan (qorovullik bo`linmalariga nomzodlar bundan mustasno) O`zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.
Fuqarolar kamida umumiy o`rta yoki o`rta maxsus ma`lumotga ega, sog`lig`ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo`yicha xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo`lishi lozim.
Erkak nomzodlar Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o`tagan bo`lishi kerak.
Mazkur bo`linmalar boshliqlar tarkibiga Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilib, nafaqaga bo`shagan nomzodlar suhbat asosida, jismoniy tayyorgarligi va salomatligi holatiga ko`ra ishga qabul qilinishi mumkin.
Nizomga ko`ra, harbiylashtirilgan soqchilik bo`linmalari va qorovullik bo`linmalari shaxsiy tarkibi bilan maxsus dasturlar asosida quyidagi tartibda xizmat va jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlari o`tkaziladi:
● harbiylashtirilgan soqchilik bo`linmalarida – oyiga 8 soat (o`quv yilida 80 soat);
● qorovullik bo`linmalarida – oyiga 4 soat (o`quv yilida 40 soat).






