Joriy yilning 18 dekabr kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Yildiz Texnik universiteti Kongress markazida O`zbekiston yoshlar ishlari agentligi va O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasining Turkiyadagi vakilligi tomonidan «Yangi O`zbekiston — yangi g`oyalar!» shiori ostida «O`zbekiston yoshlari forumi — Turkiya» tadbiri bo`lib o`tdi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar bermoqda.
«O`zbekiston yoshlari forumi — 2021» doirasida tashkil etilgan tadbirda Turkiyaning Anqara, Bartin, Bursa, Izmir, Istanbul, Karabyuk, Konya, Samsun va boshqa shaharlaridagi oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar o`tkazayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan 500 nafarga yaqin o`zbekistonlik talaba-yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Forumni O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasining Turkiyadagi vakili, “Shuhrat” medali sohibi, iqtisod fanlari doktori Ergash Jumaev ochib berdi.
Xususan, “Uchinchi Renessans” yo`nalishida doktor Saidbek Boltaboev va Istanbul Davlat Universiteti doktoranti, tilshunos Gulnoza Saidova, “Kelajak liderlari” sho``basida iqtisodchi, Istanbul universiteti doktoranti Sarvarbek Nazarov hamda “M-Faktor” a`zosi, O`zbekiston Respublikasi Soliq Qo`mitasining rais maslahatchisi Murodjon Muhammadjonov, New media tarmog`ida taniqli jurnalist va suxandon, Kastamonu universiteti magistranti Abdukarim Mirzaev hamda “Yosh ijodkorlar” sho``basida jurnalist, tarjimon va shoir, Istanbul universiteti doktoranti Otabek Tillaev boshchiligida yoshlar o`z loyihalari taqdimotini o`tkazishlarini ma`lum qildi.
Forum doirasida Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar va O`zbekiston Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa`dullaev o`rtasida onlayn jonli muloqot tashkil etildi. Unda yoshlar o`qish, malaka oshirish va Turkiyaning ilg`or yutuqlarini O`zbekistonda joriy etish kabi masalalar yuzasidan taklif va mulohalarini ilgari surdilar, o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Forum davomida O`zbekistondagi Istanbuldagi Bosh konsuli Amirsaid Agzamxo`jaev va Bosh konsulxona vakillari, Turkiya Madaniyat vazirligining Chet eldagi turklar va qardosh jamiyatlar Boshqarmasi Istanbul koordinatori Emre Oruch, Turkiy davlatlar tashkiloti vakili Bobur Tagaev so`zga chiqdi. Yoshlar bilan suhbat davomida Turkiyada tahsil olayotgan o`zbekistonlik talabalar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi borasida atroflicha ma`lumot berdi.
Shuningdek, so`zga chiqqanlar, kelgusida barcha o`zbekistonlik talabalar bazasini shakllantirish, ular tahsil olayotgan sohalari bo`yicha guruhlarga ajratib, ana shu yo`nalishdagi kompaniya va shirkatlarda malaka oshirishlari, qolaversa, O`zbekistondan keladigan tegishli idora va tashkilotlar bilan bevosita bog`lab qo`yish taklifini ilgari surishdi.
Forum so`ngida har bir sho``ba bo`yicha beshtadan loyiha mualliflari g`olib deb topildi va taqdirlandi. Shuningdek, spikerlar, faol yoshlar, moderatorlar hamda viktorina va tanlovlar g`oliblari, ijtimoiy tarmoqlarda forum bo`yicha eng yaxshi chiqishlar qilgan ishtirokchilarga homiylarning qimmatbaho sovg`alari topshirildi. Bundan tashqari, Turkiyadagi yilning eng yaxshi etakchisi, eng yaxshi blogeri, eng yaxshi inflyuenseri, eng yaxshi yosh volontyori kabi nominasiyalar g`oliblariga ham O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasining maxsus sovg`alari topshirildi.
Shu qatorda, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a`zosi Nazlim Abdujabbarova ham “Uchinchi renessans” sho`b`asida o`z taklifi bilan g`olib deb topildi.
Forum ishtirokchilarining kiritgan loyihalari o`rganilib, saralanadi hamda yoshlarga doir qabul qilinishi kutilayotgan O`zbekiston hukumati qarori uchun taklif sifatida taqdim etiladi.






