AsosiyJamiyat

Tibbiyot brigadasi vakillari bemorga nari borsa isitma tushiruvchi “ukol” qilib qaytadi — SSV tez yordamga chaqiriqlar haqida

'Tibbiyot brigadasi vakillari bemorga nari borsa isitma tushiruvchi “ukol” qilib qaytadi — SSV tez yordamga chaqiriqlar haqida'ning rasmi

O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligi “Tez yordam”ga murojaat qilganlarning atigi 9 foizi gospitalizasiya qilingani haqida axborot berdi. Bu nimani anglatadi?

Vazirlik matbuot xizmatining ma`um qilishicha, yaqin yillargacha o`zbek xalqi “Tez yordam” faoliyatidan mutlaqo norozi bo`lgan. 

"Hali ham bu soha kamchiliklardan to`liq xoli, deya olmaymiz. Ammo o`tgan besh yilda “tez yordam” shoxobchalari ham, tez tibbiy yordam brigadalari ham, xizmat mashinalari soni ham keskin ko`paygani fakt",-deydi u.

Uning aytishicha, tez tibbiy yordam brigadalarining xizmat ko`rsatish radiusi o`rtacha 15-20 km.dan 8-12 km.gacha qisqargani, kechikishlar ko`rsatkichi 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaygani katta yutuq.  Lekin shunga qaramay, hanuz tibbiy yordam xizmati yuklama bilan ishlashga majbur bo`lmoqda. Shu o`rinda, nega, degan savol tug`iladi.

"So`zimizni raqamlar bilan tasdiqlashga harakat qilamiz. 2021 yilning o`n bir oyi davomida yurtimiz aholisi tomonidan “103” xizmatiga bo`lgan jami murojaatlar soni 11 million 604 ming 292 tani tashkil etdi. Bu ko`rsatkich o`tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1 millionga ko`p. Eng ko`p chaqiriqlar Farg`ona (1 373 997 ta), Andijon (1 288 543 ta) va Toshkent (1 147 892 ta) viloyatlari hissasiga to`g`ri keladi. Keyingi o`rinda Toshkent shahri — 1 146 005 ta murojaat. Endi asosiy masalaga kelsak.  Misol uchun, Evropa mamlakatlarida “Tez yordam”ga chaqiriqlarning aksariyat qismida bemor gospitalizasiya qilinadi. Sodda qilib aytganda, shifoxonaga shoshilinch ravishda yotqizish uchun zarurat bo`lmasa, odamlar bu xizmatga behuda sim qoqmaydi",-deya so`zida davom etadi vazirlik xodimi.

"O`zbekistonda-chi? Yurtimizda shu yil boshidan 1 dekabrga qadar “Tez yordam” xizmati orqali 11 million 422 ming 63 nafar bemorga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan. Shulardan 1 million 49 ming 221 nafari gospitalizasiya qilingan. Ko`ryapsizmi, bizda shifoxonalarga yotqizish ko`rsatkichi bor-yo`g`i 9 foizga teng",-ta`kidlaydi u.

Ma`lumotga asosan, 90 foizdan ziyod holatda bemorlarga joyida tibbiy xizmat ko`rsatilgan. Bu esa “Tez yordam”ni chaqiradiganlarning aksariyati aslida “103” yordamiga muhtoj emasligini anglatishi aytiladi.  

"To`g`ri-da, isitmasi 37,5-38 darajaga ko`tarilgan bemorni tez tibbiy yordam brigadasi shoshilinch ravishda shifoxonaga olib borishi kerakmi? Vaholanki, harorat ko`tarilishi turli kasalliklarning boshlanishi alomati bo`lishi mumkin!   Buni aniqlash uchun avval dori ichib isitmani tushirish, keyin profilaktika yoki davolash muassasasiga borib, chuqur tibbiy tekshiruvlardan o`tish lozim. “Tez yordam” xodimlarida esa bunday diagnostika xizmatlarini ko`rsatish imkoniyati, tabiiyki, yo`q. Natijada tibbiyot brigadasi vakillari bemorga, nari borsa, haroratni tushiruvchi “ukol” qilib qaytadi. Qon bosimi me`yoridan sal oshgan yoki tushgan bemorlarga nisbatan ham yuqoridagi misolni qo`llash mumkin",-deydi matbuot kotibi.

"Har bir asossiz chaqiriq uchun ham davlat hisobidan ma`lum xarajatlar sarflanadi. Bu — xalqning, ya`ni sizu biz, barchamizning pulimiz.  Qolaversa, tibbiyot xodimlarining vaqti behuda yo`qotiladi. Eng yomoni, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj boshqa bemorlarga xizmat ko`rsatish qamrovi pasayadi. Shunday ekan, “103” raqamini terishdan avval yana bir bor o`ylab olaylik. Biz chindan ham tez tibbiy yordamga muhtojmizmi",-deydi xalqqa qarata u savol bilan so`ziga yakun yasab.

    Boshqa yangiliklar