AsosiyJamiyat

"Ssenariy" asosida tasvirga olingan". Qamashidagi 4 nafar o`quvchi o`qiydigan maktab yopildi

'"Ssenariy" asosida tasvirga olingan". Qamashidagi 4 nafar o`quvchi o`qiydigan maktab yopildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qamashi tumani Sartuldi qishlog`ida joylashgan 15-umumiy o`rta ta`lim maktab filiali holatining videolavhasi keng muhokamalarga sabab bo`ldi.

Holat yuzasidan Qamashi tuman hokimligi kanalida rasmiy munosabat berildi. 

Ma`lum qilinishicha, Qamashi tumani hokimi Sartuldi qishlog`idagi ushbu maktab filiali Qashqadaryo viloyati xalq ta`limi boshqarmasi, Qamashi tuman hokimligi, tuman xalq ta`limi bo`limi mas`ullari ishtirokida o`rganildi.

Ma`lum bo`lishicha, ushbu qishloqda 37 ta xonadon mavjud. Qishloqda 41 nafar maktab yoshidagi bolalarning aksariyati 15-maktabning asosiy qismida tahsil oladi. Faqatgina 4 nafar bolajonlar ushbu maktab filialida ta`lim olib kelmoqda.  

Mas`ullarni axborotiga ko`ra, filial maktabda jami 4 nafar (2-sinfda 1 nafar, 3- sinfda 1 nafar, 4-sinfda 2 nafar) o`quvchi ta`lim olib kelmoqda.

Asosiy maktabgacha bo`lgan oraliq masofa 12 km.ni tashkil etadi.

Ushbu holat o`rganildi va maktab filiali binosi foydalanishga yaroqsiz deb topilib, bugundan yopildi. Hokim tomonidan 4 nafar bolaning asosiy maktabda o`qishi uchun tuman hokimligi hisobidan avtotransport vositasi qatnovi yo`lga qo`yilishi belgilandi. Shuningdek, aholining demografik o`sishini hisobga olib 2023 yilda ushbu hududda 60 o`rinli maktab qurilishi uchun investisiya dasturiga taklif kiritilishi ma`lum qilindi.

    Boshqa yangiliklar