Toshkent metropoliteniga 2022 yilda Rossiyadan 14 ta harakat tarkibi sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.
DUK ma`muriyati Toshkent metropoliteni yo`nalishlari kengayganligi bu orqali yo`lovchilar soni kundan kunga ortib borayotgani sababli metro bekatlarida tirbandliklar yuzaga kelayotganini tan olgan.
Xabarda aytilishicha, bu muammoni hal qilish uchun “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan tirbandliklarni oldini olish, yo`lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida, shu kunga qadar, Rossiya Federasiyasining “Metrovagonmash” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy 60 ta vagondan iborat 15 ta harakat tarkibi olib kelingan.
Bundan tashqari, yo`lovchilar qatnovi tig`iz bo`lgan vaqtlarda poezdlar harakatidagi oraliq vaqt intervallari “Chilonzor” yo`nalishida 3 daqiqagacha, “O`zbekiston” yo`nalishida esa 4 daqiqagacha, “Yunusobod” yo`nalishida esa 7 daqiqani tashkil etmoqda.
“Ushbu muammoni hal etish borasida ham bir qancha masalalar ko`rilmoqda. Ma`lumot o`rnida shuni aytish mumkinki, 2022 yilda 14 ta harakat tarkibi harid qilinishi nazarda tutilgan”, deyiladi DUK xabarida.






