1 yanvardan pensiya va nafaqa oluvchilar pulni tanlov asosida olishi mumkin. Bunda tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarga pensiya hamda nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig`inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga etkazib berish majburiyati yuklatiladi.
Ma`lumot uchun, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensasiyalar va boshqa to`lovlarni to`lash tartibi har uch yilda alohida o`tkaziladigan tender asosida amalga oshiriladi. Bunda to`lov jarayonlarini belgilangan muddat bo`yicha tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar amalga oshiradi. Mazkur tijorat banki yoki ixtisoslashgan tashkilotlar Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo`yicha alohida o`tkaziladigan tender asosida tanlab olinadi.
Bundan tashqari, 2022 yil 1 iyuldan davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, OTMdagi o`qish hamda harbiy xizmat davri to`g`risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Buning o`rniga "Yagona mehnat milliy tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YaMMT IDAK) xizmati joriy etiladi. Mazkur tizimning qulayligi shundaki, agar pensiyaga chiqish huquqi paydo bo`lsa, ishlamaydigan fuqarolarga o`zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to`g`risidagi ma`lumotlarni tizimga kiritishi kifoya.
Eslatma. "Yagona mehnat milliy tizimi" bilan bog`lanish uchun Bandlikka ko`maklashish markazlariga murojaat qilish kerak. davlat pensiyalarini tayinlash YaMMT IDAKga kiritilgan elektron ma`lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Mehnat staji, ish haqi, oliy ta`lim muassasalaridagi o`qish hamda harbiy xizmat davri to`g`risidagi hujjatlar Pensiya jamg`armasi tomonidan "Yagona mehnat milliy tizimi"dan foydalangan holda elektron ma`lumotlar almashinuvi asosida olinadi.
Shuningdek, 2022 yil 1 iyulga qadar qariyalar va keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo`lgan shaxslarga xizmat ko`rsatishga moslashtirilgan Pensiya jamg`armasining binolari bo`yicha minimal talablarga asosan har bir hududda bittadan Pensiya jamg`armasining mavjud binolari negizida “Namunali Pensiya jamg`armasi bo`limi” tashkil etiladi.
Avvalroq eng kam yoshga doir pensiya, ish haqi va yana shunga o`xshash nafaqalar hamda “Bolalar puli”ni olish oila a`zolariga taqsimlanadigan oylik daromadga bog`liqligi haqida xabar berilgandi.






