AsosiyJamiyat

Qorako`lliklar Xalq qabulxonasiga ko`proq qanday masalalarda murojaat etmoqda

'Qorako`lliklar Xalq qabulxonasiga ko`proq qanday masalalarda murojaat etmoqda'ning rasmi

Ishonch. Inson uchun baxt omillaridan biri bu. umid  va saodat, hayot maydonida maqsadlar sari kechadigan kurash uchun ham ishonch kerak. Prezident Xalq qabulxonalari bugun xalqimizning ishonch manziliga aylana oldi. Qorako`l ahli o`zining yangi g`oyalarini hayotda aks ettirishda, muammolarini orzular ro`yobi bilan almashishda aynan shu manzilga ishonch bildirib kelmoqda. Bunga esa etarlicha asos bor. Aniq raqamlar fikrimizning isbotidir.

Ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning o`tgan davrida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va viloyatlardagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 318 ming 559 ta murojaatning 302 ming 527 tasi ko`rib chiqilib, 287 ming 489 tasi qanoatlantirilgan, 206 719 tasi ijobiy hal etilgan. Aholi tomonidan bildirilgan ushbu masalalarning 1 ming 310 tasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Qorako`l tumanidagi Xalq qabulxonasiga kelib tushgan bo`lib, ularning 1 ming 51 tasi yoki 80,2 foizi ijobiy hal qilingan. 

 Shunday ekan, Xalq qabulxonalari bu yo`nalishdagi konstitusiyaviy normalarni hayotga joriy etishga, xalqimizning asriy orzularini ro`yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda barcha darajadagi rahbarlarning fuqarolar bilan ochiq, oshkora muloqoti yo`lga qo`yilib, aholining haqli talablarini hal etish va ehtiyojlarini aniqlash, hayotidan rozi bo`lib yashashiga ko`maklashish muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ulug`vor g`oya rahbarlarning murojaatlar bilan ishlash mas`uliyatini oshirdi. Keyingi besh yilda yuz bergan bu yangilanishlar odamlarning bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshiroq yashashga bo`lgan ishtiyoqini ro`yobga chiqarish uchun qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi.

Endilikda hayotning o`zi aholi murojaatlariga munosabatni tamomila o`zgartirib, hatto ularning ijrosi qay darajada bajarilayotganini chuqur tahlil qilishni taqozo etmoqda. Natijalari hokimlik yig`ilishlarida, mahalliy kengashlar sessiyalarida muhokama etilmoqda, bularning barchasi yurtimizda qisqa davrda yuz bergan beqiyos yangilanishlar, shu jumladan, ochiqlik va oshkoralikning amaldagi samarasidir. 

Bundan besh yil oldin bir tuman yoki shaharda bir yilda mingdan ortiq insonning muammosi echim topganini tasavvur qilarmidik? Yoki odamlar duch kelgan masalasini rahbarlar oldiga tortinmasdan ko`ndalang qo`ya olarmidi? Yo`q, albatta. Chunki, yurtimizda aholi murojaatlarini tinglash va hal etishga hozirgidek e`tiborning o`zi yo`q edi.

Xo`sh, Buxoro viloyat Qorako`l tuman fuqarolari qanday yo`nalishlar bo`yicha Xalq qabulxonasiga ko`proq murojaat etmoqda? Tahlillarga ko`ra, yilning o`tgan davrida 89 ta sud masalalariga oid, 71 ta ichki ishlar faoliyatigi oid, 111 tasi prokuratura faoliyatigi oid, 64 ta aliment masalalariga oid, 15 ta sud  ijrosiga oid, 75 ta sog`liqni saqlashga oid, 44 ta pensiya tayinlash va nafaqa pullarini olishga oid, 24 ta maktab ta`limiga oid, 43 ta uy-joy bilan  ta`minlash yoki er ajratish masalasiga oid, 99 ta ish bilan ta`minlash masalasi yuzasidan, 3 ta oliy ta`lim masalalariga oid, 93 ta kredit olish, 33 ta bank-moliya masalalariga oid, 70 ta gaz, elektr va suv ta`minotiga oid,          48 ta yo`l-qurilish bilan bog`liq, 15 ta soliq to`lovlari oid, 20 ta qurilish sohasiga oid, 70 ta moddiy yordam olishga oid, 495 ta boshqa masalalarga oid bo`yicha murojaatlar kayt etilgan. Ichimlik suv va elektr energiyasidagi muammolar, uy-joyni ta`mirlash, davolanishga ko`maklashish, moddiy yordam,tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun kredit olish va er ajratish bilan bog`liq murojaatlar ham anchani tashkil qildi. 

Masalan, Tumanning chekka hududida istiqomat qiladigan, (ismini yoritilishini istamagan) fuqaro Xalq qabulxonasiga murojaat etib, qizining ko`zi og`rib kasallanib ko`p yil davolanganligi, ammo baribir ko`zi sog`aymaganligi, topayotgan daromadi qizini davolatishiga etmayotganligi, shu sababli qiziga nogironlik guruhi belgilatib, nafaqaga chiqarishga majbur bo`lganligi, nogironlik guruhi belgilatish uchun tegishli idoralarga xujjat topshirganligi, lekin xujjatlari ko`p muddatdan buyon tasdiqlanmasdan, Pensiya jamg`armasiga o`tkazilmay qolib kelayotgonligini bildirib, ushbu masalada amaliy yordam so`rab murojaat qildi. Dastlab murojaatni tezkorlik va holisona o`rganish uchun tegishli soha mutaxassislari hamkorligida ishchi guruh tuzilib murojaat fuqaroning ishtirokida o`rganilib, hujjatlardagi kamchiliklar bartaraf qilindi, uning qiziga bolalikdan nogironlik nafaqasi tayinlanishi ta`minlanib, murojaat ijobiy hal qilindi.

Yangizamon mahallasida yashovchi fuqaroBoltaev Murotboy va boshqalar mahallaning ichki yo`llarga tosh to`kib ta`mirlash masalasida murojaat qildi. Ular o`rtaga tashlagan bu masalalar o`rganilib, ichki yo`llarga tosh to`kilib, ta`mirlandi. Hududda qulaylik va imkoniyatlarga ega bo`lgan zamonaviy mahalla maskani barpo etildi. Qorako`l tumani markazidan 25 km. masofada joylashgan “Yangizamon” mahallasida istiqomat qiluvchi 1098 ta oilaga Mustaqilligimizning 30 yillik to`yiga ajoyib tuhfa bo`ldi. Xalq qabulxonasi va sektor rahbari tomonidan hududdagi boshqa muammolar ham o`rganilib, echimi topildi. 

Kezi kelganda shuni aytish lozimki, xalqimizni qiynayotgan ko`chalarni ta`mirlash, ichimlik suv, elektr energiyasi ta`minoti kabi muammolarning aksariyati uzoq yillar davomida to`planib qolgan masalalardir. Misol uchun, mustaqillik yillari ichki yo`llarni ta`mirlashga talab darajasida ahamiyat berilmagani sababli ayrim qishloq ko`chalari yaroqsiz holga kelgan. O`tgan tuzumda o`rnatilgan suv quvurlari chirib qolgan. Elektr energiyasi etkazib beradigan sim yog`ochlar o`z xizmatini o`tab bo`lgan. Yoki mahallalarda aholi soni keskin ortib, yangi uy-joylar qurilayotgani natijasida o`rnatilgan elektr transformatorlari kuchlanishi etmay qolgan.

Ayni paytda shunday hududlarda istiqomat qilayotgan aholi huquq va erkinliklari ta`minlanayotganidan foydalanib, munosib turmush kechirish uchun bu masalalar echimini ko`ndalang qo`ymoqda. Jumladan, Arna mahallasida yashaydigan bir guruh fuqarolar Xalq qabulxonasiga hamda Prezidentintning ishonch telefoniga mahalla hududida elektr energiyasi bilan bog`liq muammolarni ma`lum qildi. Murojaat tegishli tartibda o`rganilgach hududdagi KTP-216 kuchlanishli transformator yonidan qo`shimcha 250 kuchlanishdagi transformator o`rnatilib, hozirgi kunda barcha toifadagi iste`molchilar uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlangan.

Yangi qal`a mahallasida yashaydigan bir guruh fuqarolar mahalladagi bir nechta elektr sim ustunlari yaroqsiz holga kelganligi, ularni almashtirish kerakligi masalasida murojaat qildi. Ular o`rtaga tashlagan bu masala joyida o`rganilib, ushbu murojaat ijro uchun Qorako`l tuman Elektr tarmoqlari korhonasiga yuborildi. Murojaat tegishli tartibda o`rganilgach hududdagi yaroqsiz sim ustunlari yangi sim ustunlarga almashtirilib, murojaatda ko`rsatilgan kamchiliklar bartaraf kilinib, elektr energiya sifati yaxshilandi, murojaat o`z echimini topdi.

Yangi O`zbekistonning Xalq qabulxonalari bugun fidoyi xalqimizning tom ma`nodagi dardu-tashvishini tinglab, quvonchlariga sherik bo`ladigan, ular duch kelayotgan muammolarni ishonchli hal etadigan o`ziga xos tuzilmaga aylandi. Hokimiyat va xalq o`rtasida ochiq, shaffof muloqot qilish tizimini yaratdi. Bunday ulug`vor, ezgu ishlar joylarda qonun ustuvorligini ta`minlab, odamlarni rozi qilish, ularning ertaga emas, aynan bugun yaxshi yashashi, munosib turmush kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo`lmoqda.

Avliyoqul OQQIEV,
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qorako`l tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.

    Boshqa yangiliklar