“Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirining o`rinbosari – Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimi kiritildi.
Agentlikning asosiy vazifalari etib, jumladan, quyidagilar belgilandi:
- respublikada tadbirkorlikni va mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini yuritish;
- mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta`minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va o`qitish hamda o`zini o`zi band qilish faoliyatiga yo`naltirish;
- vakolatli davlat organlari va tashkilotlari hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish.
Qarorga ko`ra, Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi tarkibiga o`tkazildi.
Agentlik tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg`armasi tashkil etildi.






