Yangi yil bayrami munosabati bilan yo`lovchilar oqimining keskin ortishi sababli aholining hududlarga harakatlanish imkoniyatini oshirish, yo`lovchilarning o`z vaqtida manzillariga etib olishini ta`minlash maqsadida Transport vazirligi soha tashkilotlari bilan hamkorlikda qo`shimcha chora - tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, Transport vazirligi Axborot xizmati amaldagi muntazam qatnovlardan tashqari joriy yilning 27 dekabridan 30 dekabrigacha Uzbekistan airways aviakompaniyasi tomonidan Toshkent – Nukus, Toshkent – Buxoro yo`nalishlarida ikkitadan, Toshkent – Qarshi, Toshkent – Namangan, Toshkent – Termiz yo`nalishlarida bittadan, Toshkent – Urganch yo`nalishida esa qo`shimcha uchta reys amalga oshiriladi. Natijada haftasiga qo`shimcha qatnovlar soni jami 10 tani tashkil etmoqda.
Bundan tashqari Toshkent – Nukus, Toshkent – Buxoro va Toshkent – Urganch yo`nalishlarida 7 ta parvozga 150 o`rindiqli A 320 rusumli havo kemalari Boeing 757 (184 o`rindiqli) va Boeing 767 (247 o`rindiqli) rusumli havo kemalariga almashtirildi. Buning natijasida 427 ta qo`shimcha yo`lovchilar tashishga o`rindiqlar yaratildi.
Temir yo`l transportida esa "O`zbekiston temir yo`llari" AJ tomonidan joriy yilning 25 dekabr kunidan 2022 yilning 10 yanvar kuniga qadar yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoezdining “Toshkent – Buxoro – Toshkent” yo`nalishida har kunlik qatnovi yo`lga qo`yildi.
Shuningdek, 27 hamda 29 dekabr kunlari “Toshkent – Buxoro – Urganch” yo`nalishida qo`shimcha ikkita yo`lovchi poezdi qatnovi tashkil etilishi belgilandi.
Bundan tashqari Toshkent – Termiz, Toshkent – Nukus, Toshkent – Urganch yo`nalishlarida harkatlanayotgan yo`lovchi poezdlariga qo`shimcha 4 tadan plaskart vagonlari ulanmoqda.
Shuningdek, quyidagi yo`nalishlarda Toshkent – Nukus (2 ta), Toshkent – Buxoro (12 ta) Toshkent –Jizzax (3 ta), Toshkent – Qarshi (16 ta), Toshkent –Navoiy (17 ta), Toshkent – Samarqand (19 ta), Toshkent – Termiz (43 ta), Toshkent – Sirdaryo (5 ta), Toshkent – Urganch (18 ta) qo`shimcha avtobuslar qatnovi amalga oshiriladi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida aholining respublikamiz hududlari bo`ylab transportda harkatlanishiga bo`lgan mavsumiy talab to`la qondiriladi.






