AsosiyJamiyat

Oliy harbiy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilishning yangi tartibi belgilandi

'Oliy harbiy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilishning yangi tartibi belgilandi'ning rasmi

Hukumat qarori  bilan O`zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta`lim muassasalarida o`qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o`qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko`ra, oliy harbiy ta`lim muassasalari (OHTM)da o`qishga saralab olish va qabul qilish Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari tomonidan amalga oshiriladi.

Saralab olish tadbirlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • harbiy-professional yo`naltirish;
  • dastlabki saralab olish;
  • test sinovlari.

Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o`ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo`yilmaydi.

Nomzodlar yashash joyidagi mudofaa ishlari bo`limlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.

Arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1 fevralidan 31 martigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Dastlabki saralab olish tadbirlari quyidagi ikki bosqichda o`tkaziladi:

birinchi bosqich fuqaro yoshlar (talabalar) uchun – mudofaa ishlari bo`limlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni o`tash joyida 1 fevraldan 10 aprelgacha (shu kuni ham);

ikkinchi bosqich fuqaro yoshlar (talabalar) va harbiy xizmatchilar uchun – mudofaa ishlari boshqarmalari va Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida 11 apreldan 31 maygacha (shu kuni ham).

OHTMga test sinovlarisiz kirish imtiyoziga ega bo`lgan nomzodlar to`g`risidagi ma`lumotlar qabul yilining 25 iyunigacha Davlat test markaziga taqdim etiladi.

Chet tilini bilish bo`yicha kamida V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikat taqdim etganlarga chet tili fanidan to`plash mumkin bo`lgan maksimal ball qo`yiladi hamda ular chet tili fanidan test sinovi topshirmaydi.

OHTMda test sinovlari har yili iyul-avgust oylarida nomzodlar tanlagan hududlarda o`tkaziladi.

Nizomga ko`ra shuningdek, kursantlarga o`qishini bir vazirlik va idoralar OHTMdan boshqa vazirlik va idoralar OHTMga ko`chirishga ruxsat etilmaydi.

Mazkur nizom:

  • Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida o`qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibiga;
  • Jamoat xavfsizligi universitetida o`qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish hamda mazkur universitet kursantlari (talabalari) va tinglovchilarini o`qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    Boshqa yangiliklar