AsosiyJamiyat

Bemor bolalarga Prezidentning bayram sovg`alari topshirildi

'Bemor bolalarga Prezidentning bayram sovg`alari topshirildi'ning rasmi

Yangi yil — ayniqsa, bolajonlar intiq kutadigan bayram. Ammo ba`zi o`g`il-qizlar bu gal boshqa tengdoshlari qatori ayyomni oilasi bag`rida kutish imkoniyatiga ega emas. Ular orasida kutilmaganda dardga chalinib, shifoxonaga yotqizilgan yoki haftalab, oylab turli xastaliklarga qarshi muolaja olayotgan farzandlarimiz ham bor.  

Sog`liqni saqlash vaziriligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, mamlakatimiz rahbari yangi yil arafasida ana shunday bemor bolalarga quvonch ulashishni ham e`tibordan chetda qoldirmadi. 

Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohidov hamda Sog`liqni saqlash vaziri B. Musaev Yurtboshimiz topshirig`i asosida  Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolajonlar huzuriga bordi.

Esingizda bo`lsa, joriy yilning 14 may kuni davlatimiz  rahbari ushbu muassasaga tashrif buyurib, bu erda davolanayotgan bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashgan edi. Oradan ko`p o`tmay, ya`ni 27 may kuni Prezidentimizning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.  Bundan tashqari, mamlakatimiz rahbari tashrifidan so`ng Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yangidan qurilgan zamonaviy binolarga joylashtirildi.  

Yangi majmualardan kattalar va bolalar uchun alohida qabul hamda davolash bo`limlari o`rin olgan. Mavjud palatalar bir va ikki kishilik bo`lib, sanitariya xonalari ichida joylashgan. Bu esa turli infeksiyalarga chalingan bemorlar muloqotini cheklash imkonini beradi. Shuningdek, bu erda xastalikka chalingan bolalarning zarur dori-darmonlar bilan to`liq ta`minlanganligi ota-onalarning cheksiz quvonchiga sabab bo`lmoqda.  

Jonlantirish bo`limi su`niy nafas olish, kardiomonitorlar, infuzomatlar, ultra to`lqin apparatlari kabi qator ilg`or tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Bu erda onkogematologik  kasalliklarga yuqori texnologiyalar va ilg`or usullar yordamida tashxis qo`yilmoqda.  

Qolaversa, muassasada Rossiyaning D.Rogachev nomidagi markazi tajribasi asosida ilgari tasavvur qilish ham qiyin bo`lgan jarrohlik, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantalogiya, radio diagnostika, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash bo`limlari hamda bolalar uchun ta`lim olish markazlari tashkil etilgan.  

Bunday yangilanishlar natijasida muassasada yuqori dozali va intensiv poliximioterapiya davo usuli amaliyotga tatbiq etildi. Qolaversa, o`tkir limfoblast leykozlarni yangi ishlanmalar yordamida muolaja qilish yo`lga qo`yildi. Bu orqali bunday xastalikka chalingan bemorlarning to`liq sog`ayish darajasi 85 foizgacha ko`tarilmoqda.    

Hozir muassasada davolanayotgan bemorlardan 177 nafarini bolalar tashkil etadi.

Markazga tashrif buyurgan mas`ullar bu erda muolaja olayotgan o`g`il-qizlar bilan suhbatlashib, ularning ahvoli, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishgan. Shundan so`ng kichkintoylarni bayram bilan tabriklab, har biriga Yangi yil sovg`alarini topshirishgan. 

    Boshqa yangiliklar