AsosiyJamiyat

Yangi yilda kayfiyat ulashuvchi besh kichik "ixtiro"

'Yangi yilda kayfiyat ulashuvchi besh kichik "ixtiro"'ning rasmi

Bayram shukuhi nafaqat ko`chalarda, balki uyingizda ham o`z aksini topishini istagan holda oddiy, lekin yuqori kayfiyat ulashuvchi usullarni siz bilan baham ko`ramiz…

To`plar va o`yinchoqlar yomg`iri

     Turli rangdagi yaltiroq, dumaloq shakldagi o`yinchoqlarga rangli tasmalar o`tkazib, ularni qandilga ilib chiqing. Va xonada o`ziga xos yoqimli muhitni yarating. Hatto chiroqlar o`chiq bo`lganida ham oy shu`lasining nurlari yaltiroq to`pchalarga tushib, ko`tarinki kayfiyat ulashishda davom etadi.  

Ajoyib Qorbobolar va ulkan yonuvchi sharlar

 Bu o`yinchoqlarni albatta yasab ko`rishingiz kerak. Chunki ular juda oson va nihoyatda go`zal. Buning uchun sizga bir nechta shishirilgan havo sharlari, biroz qalinroq, to`qilgan oq ip, elim, mayda yaltiroq tasmalar hamda shirin suv kerak bo`ladi, xolos. Sharlarni shishiring va ularni to`qilgan ip bilan suratdagiday o`rab chiqing.

Gaz plitada esa suv qaynatib, unga bir litr shakar soling. Qiyom maromiga etgach, uni sovuting. Va iliq qiyomga sharlarni to`laligicha botiring. Bu bosqich sizga ipni mustahkam qilib qotirish uchun kerak bo`ladi. Va birozdan so`ng, igna bilan sharni yoring. Qarabsizki, ko`z o`ngingizda dumaloq, oppoq shakl paydo bo`ladi. Ushbu go`zalliklarning ichiga mayda yaltiroq tasmalarni solishingiz, o`rab chiqishingiz va yoki suratdagi kabi Qorbobo ham yasashingiz mumkin. Ushbu go`zallik uyingizning qaysidir burchagini albatta yorqin etadi.

Likopchalardagi go`zallikni ham unutmang

Hatto bayram dasturxonida ham barchaning ko`zini quvnatuvchi yangi yilga xos yangilik bo`lishi shart. Buning uchun oddiygina “salfetka”lardan likopchalar ustida go`zallik yaratishingiz mumkin. Bugunoq do`kondan yashil rangli “salfetka” sotib olishni unutmang! Va quyidagi ketma-ketlikda ularni yasang.

Bahaybat lampochkalar bilan shiftni bezatamiz

Havo sharlari va elim idishlar yordamida ulkan lampochkalar yasaymiz.

Va ularni shiftga, eshik tepasiga yoki istalgan erga osib qo`yish mumkin. Buning uchun oddiygina rangli tasmalar, puflanadigan sharlar va do`konlardagi yashil, elim stakanlar kifoya.  

Yozuv stolingiz yoki javonlar ustini kichik archalar bilan bezating

   Bu archalar haqiqatdan ham kayfiyatingizni ko`taradi. Kardon qog`oz, yashil lenta yoki yashil rangdagi zarlar, elim sizga kerak bo`ladi. Kardon qog`zoni shu holatga keltirib kesib oling va uni shunchaki zar bilan zich holatda o`rab chiqing.

     Ikkinchi usulda esa kardonga elim yordamida archa shoxchalaridan shu tariqa yopishtirib chiqing. Qarang, ko`z oldingizda naqadar oddiy go`zallik paydo bo`ldi! Fantaziyangizga qarab ularni yana-da go`zal tarzda bezatishingiz mumkin.

Ko`rsatilgan barcha kichik “ixtiro”larni tayyorlash sizning ham qo`lingizdan keladi, shunchaki biroz xohish bo`lsa bas! Yangi yilda nafaqat o`zingizga, balki oila a`zolaringizga ham ko`tarinki, yorqin kayfiyat ulashishga erinmang!

Maftuna JO`RAEVA,

Mohigul DIYoRXO`JAEVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar