Archa – bayram bezagi va shifoning keragi

Salomatlik 31.12.2021, 17:52
Archa – bayram bezagi va shifoning keragi

Har yili yangi yil bayramida archa bezatamiz. Bu ajoyib daraxtning asl nomi qarag`ay bo`lib, Rossiya o`rmonlaridan olib kelib O`zbekiston sharoitiga moslashtirilgan. Archa bayramda xonadonimizga ko`rk, yoqimli ifor bag`ishlashini bilamiz, ammo uning xalq tabobtida ko`plab kasalliklarga shifo bo`lishidan xabaringiz bormi? Agar bilsangiz, uning nafaqat ignali barglari, balki g`uddalari, urug`i va po`stlog`i ham noyob xususiyatlarga ega bo`lib, xalq tabobatida ming dardga davo o`simlik hisoblanadi.

Ekspert: Zulfizar QAHHOROVA, tabib va shifokor:

  • Archa barglari tindirmasi peshob haydash tizimi ishini faollashtiradi. 
  • Barglari va po`stlog`i tarkibidagi efir moyli birikmalar viruslarga qarshi kurashish va bakteriyalarni nobud qilish xususiyatiga ega. 
  • Archa tarkibidagi efir moylari aromaterapiyada keng qo`llaniladi. Ya`ni tumovda, burun bitishida, hid bilish qobiliyatini tiklashda juda foydali. Shuningdek, immunitetni oshirib, yuqori nafas yo`llari shamollashidan asraydi.
  • Archa moyi zo`riqishni bartaraf qiladi, asabiylikni davolaydi, terining himoya tizimini kuchaytiradi. 
  • Shuningdek organizm tonusini oshiradi, xonada shoxchalari suvga solib qo`yilsa, kislorodni ko`paytirishga, mikroorganizmlarni va elektromagnit nurlanish darajasini kamaytirishga hissa qo`shadi.
  • Revmatizmda qarag`ay ignabarglari tindirmasi yaxshi foyda beradi.
  • Milklar qonashida yangi uzilgan archa shoxchalari, g`uddalari qaynatmasi bilan og`iz g`arg`ara qilinsa, shifo bo`ladi. Bu muolaja yordamida og`izdagi infeksiyalardan xalos bo`lib, yallig`lanishlarni davolash mumkin.
  • Archa mumidan (smola) chipqonni davolashda keng qo`llaniladigan surtma tayyorlanadi. 
  • Archa shoxchalari va barglarini solib issiq vanna qilinsa, bel og`rig`i (radikulit)ni davolashda yaxshi naf beradi.
  • Bronxit va astmada archa mumi qo`shilgan bug`li ingalyasiyadan nafas olish yordamida davolanish mumkin.

Ignabargli damlama

Buning uchun qarag`ay shoxchasini maydalaymiz, bolg`acha yordamida ezamiz. Bir osh qoshiq ignabarglarni bir stakan qaynoq suvda damlaymiz. Uni 30 daqiqa past olovda qaynatamiz. So`ng issiq qilib o`rab, 3 soatcha tindirib qo`yamiz.Davolanish kursi muddati — 1 hafta, har kuni 100 ml.dan iste`mol qilinadi. Bu vitaminli ichimlik umumiy tanani quvvatlantirishga, qonni toozalashga va suyultirishga ham foyda beradi.

G`uddasidan tindirmasi

Bronxitda. Archa g`uddalaridan juda shifobaxsh tindirma tayyorlash uchun yashil g`uddalari uzib olib, maydalanadi va ustidan 1:5 nisbatda qaynoq suv quyiladi. Keyin bu aralashma 30-40 daqiqa qaynatilib, 15 daqiqa tindiriladi. So`ng doka yordamida sizib olinadi. O`ziga xos ta`m va hidga ega jigarrang suyuqlik hosil bo`ladi. Uni salqin va qorong`i joyda 3 kun saqlash kerak. Bu malhamni ingalyasiya qilishda qo`llash yaxshi samara beradi. Katta kishilarga bu tindirma yordamida ingalyasiya qilish uchun bug`lashga mo`ljallangan suvga 20 ml. qo`shish tavsiya etiladi. 

Immunitetni ko`tarishda. Bu maqsadda qo`llanish uchun archa g`uddalariga 1:10 nisbatda issiq suv quyiladi. Unga bir necha bo`lak limon ham qo`shiladi va 30 daqiqa qaynatiladi. 3 soat tindirib qo`yiladi. Keyin immunitetni kuchaytirish uchun 5 kun ertalab yarim stakandan ovqatdan oldin ichiladi.

Malham tayyorlaymiz

Pnevmoniya va revmatizmda malham tayyorlash uchun 0,5 l. spirtning 40 foizli eritmasiga 3 osh qoshiq ignabarglar va archa urug`laridan solib aralashtiriladi. Bankaning qopqog`i zichlab yopilib, kamida 14 kun qorong`ida tindirib qo`yiladi. Bu vaqt davomida aralashmali idish chayqatib turiladi. So`ng dokadan o`tkazilib, ovqatdan 30 daqiqa oldin bir osh qoshiqdan kuniga 3 marta qabul qilinadi.

Charchoqqa qarshi 

Archaning ignalarini bir oy mobaynida kun davomida chaynab yursangiz, kuchingizga kuch qo`shib, immunitetni mastahkamlashga xizmat qiladi. Yoki 2 osh qoshiq ignabarglaridan olib, 1 stakan qaynoq suvda 20 daqiqa qaynating va ta`bga ko`ra shakar soling. Bu ichimlikni uchga bo`lib, 1 kunda 3 mahal qabul qilish mumkin. 

                                                                                                         Manzura BEKJONOVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1