Yakuniga etgan 2021 yil yurtimiz taraqqiyotida sezilarli iz qoldirdi. Bu davrda barcha sohalar qatori sog`liqni saqlash tizimida ham katta o`zgarish va yangilanishlar yuz berdi. "Sarhisob" rukni ostida ana shunday islohotlar haqida yo`nalishlar bo`yicha tayyorlagan qisqacha tahlilimiz bilan tanishib borishingiz mumkin.
Odatda, odamlar milliy tibbiyotning darajasiga birlamchi bo`g`inga qarab baho beradi. 2021 yilda bu yo`nalishda qator yangilanishlar amalga oshirildi:
— Birlamchi bo`g`in isloh qilinib, qishloq vrachlik punktlari o`rniga oilaviy shifokor punktlari tashkil etildi va ularni shtat me`yorlari qayta ko`rib chiqildi. 2021 yil boshida birlamchi tizimda 858 ta oilaviy shifokor punkti bo`lgan bo`lsa, 2021 yil oxiriga kelib yana 100 tasi tashkil etildi.
— Buning natijasida bir umumiy amaliyot shifokoriga 3900 nafar aholi to`g`ri kelgan bo`lsa, bir oilaviy shifokorning ish yuklamasi 2000 nafarga tushirildi.
— Oilaviy shifokorga tor doiradagi mutaxassislarning bepul konsultasiyasi va shifoxonada davolanish uchun yo`llanma berish hamda bepul dori vositalarini olishga reseptlar yozib berish vakolati berildi.
— Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko`rsatuvchi 14 mingdan ziyod tibbiyot brigadalari tashkil etildi.
Prezidentimizning “Sog`liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, 2021 yil 15 iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag` miqdori o`rtacha 3 baravar oshirildi.
— Kasalliklarni emas, ularning xavf omillarini aniqlash hamda bartaraf qilish maqsadida ommaviy xatlov amalga oshirildi. Aholini 4 ta xavf guruhiga ajratish orqali ular bilan individual profilaktika-sog`lomlashtirish tadbirlari olib borildi.
— 2021 yilda maxsus tayyorgarlikdan o`tgan hamshiralarga shifokorgacha ko`rik, skrining o`tkazish, hamshiralik tashxislarini qo`yish, reabilitasiya va nazoratni amalga oshirish vazifalari yuklatildi.
— Tibbiyot brigadalari tomonidan aholi salomatligi va kasallanish holatini "mahallabay" o`rganish joriy qilindi.
— Maqsadli skrining va manzilli patronaj amaliyoti ilk bor joriy qilindi.
— “Qishloq shifokori” dasturi — olis va chekka hududlarda ishga qabul qilingan vrachlarni 30 million so`m miqdorida bir martalik pul mablag`i, xizmat uy-joyi bilan ta`minlash tartibi joriy qilindi






