O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Rustam Obid 72 yoshida Qariyalar uyida bu dunyoni tark etdi. Bu haqda xabar.uz ma`lum qildi.
O`zbekistonning faxriy jurnalisti 9 yildan buyon Respublika urush va mehnat faxriylari pansionatida istiqomat qilayotgandi.
Rustam Obid 1950 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan.
U maktabdayoq, 14 yoshida povest yozgan o`quvchi sifatida tengqurlari orasida yaxshigina tanildi.
«Fan va turmush» jurnalida 1973 yildan ish boshladi. «Fan va turmush» Rustam Obidni ilmiy jurnalist, mistika va sir-sinoat, parapsixologiya ilmining tadqiqotchisi sifatida butun O`zbekistonga tanitdi. O`zbekistonda sarguzasht asarlarning va fantast yozuvchilarning keng miqyosda tanilishi ham aynan «Fan va turmush» jurnali, aynan Rustam Obid hissasiga to`g`ri keladi.
Jurnalistning o`tgan asrda O`zbekiston televideniesi orqali namoyish etilgan «Olamga sayohat» ko`rsatuvi ham tomoshabinlar e`tiborini qozongan. Uzoq Sharq, Vladivostok shahri, Yapon, Barens dengizlari, Kola yarimoroli, Shimoliy Kavkaz, Stavropol o`lkasi, Kabardin Bolqor, Qorachoy-Cherkes, Shimoliy muz okeani va boshqa hududlardan tayyorlangan ko`rsatuvlarning har biri Rustam Obidni telejurnalist sifatida ham mashhur qildi.
Serqirra jurnalist Rustam Obid 2000 yilda «O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist» unvoniga sazovor bo`lgan.
O`zbekistonda xizmat qilgan jurnalist qanday qilib Qariyalar uyiga tushib qolgandi? Ma`lum qilinishicha, oilasi bilan kelisholmay ajrashganidan so`ng 20 yil ko`chada, ijara uylarda yashashiga to`g`ri kelgan. So`ng Qoraqamishdagi shu pansionatga joylashgan.
«Xabar.uz» faxriy jurnalistning vafoti munosabati bilan ta`ziya bildiradi.






