AsosiyJamiyat

Xushxabar: "Umra-2022" mavsumi uchun shartnoma imzolandi

'Xushxabar: "Umra-2022" mavsumi uchun shartnoma imzolandi'ning rasmi

Shu yil 5 yanvar kuni O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh janoblari bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo`yicha shartnoma imzoladilar.

Yurtimizda umra safarini tashkil etish choralarini ko`rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o`rganish, ro`yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish ishlari boshlandi.

Shuningdek, umra ziyoratini yuqori darajada tashkil etish uchun ko`p yillik tajriba ega bo`lgan “Abu Sarhad” hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo`lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko`rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Ta`kidlash zarurki, shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yo`llar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga etmay qolgan holatlari aniqlanmoqda. Shu bois, mo`min-musulmonlarni umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo`lishlari va bu borada vakolatli tashkilot bo`lgan O`zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishlariga chaqiradi.

Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo`shimcha xabar qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar