Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab, milliy davlatchiligimizni tiklash, davlat tuzilmalarini tashkil etish hamda sud-huquq tizimini isloh qilishga kirishilgan.
Bunda asosiy e`tibor huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jumladan, prokuratura organlarini sobiq Ittifoq bo`ysunuvidan chiqarib, mustaqil O`zbekistonning milliy davlat organlari sifatida qayta tashkil etishga qaratilgan.
Bu sa`y-harakatlar natijasida 1992 yil 8 yanvarda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "O`zbekiston Respublikasi prokuratura organlari to`g`risida"gi Farmoni qabul qilindi hamda sobiq Ittifoq qaramog`idagi O`zbekiston SSR prokuraturasi mustaqil O`zbekiston prokuraturasiga aylantirildi.
O`tgan davrda prokuratura organlarining faoliyati islohotlarga hamohang tarzda takomillashtirib borildi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Davlatimiz rahbari muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoev asos solgan taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha keng qamrovli va misli ko`rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prokuratura organlari xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, har bir xodimi muhtaram Prezidentimiz ta`kidlaganlaridek, oliyjanob xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni bo`lib, faqat va faqat xalq manfaati yo`lida og`ishmay xizmat qilishlarida muvofaqqiyatlar tilab qolamiz.