Ijtimoiy tarmoqlarda 2020 yil fevral oyiga qadar qilingan Umra to`lovi miqdoriga yana narx qo`shilgani bo`yicha tarqalgan ma`lumotlarga O`zbekiston Musulmonlari idorasi munosabat bildirdi. Bu haqda O`zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bayonotning qisqacha mazmuni:
- Koronavirus pandemiyasi sabab mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o`rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish, oziq-ovqatlar endi maxsus qadoqlangan holda tarqatilishi, qo`shimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan ta`minlash kabi talablar o`rnatilgan va bu avvalgi narxga ta`sir qilgan;
- Saudiya qirolligida 15 foiz qo`shimcha qiymat solig`i joriy etilgan;
- Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo`lgan 5 yulduzli mehmonxonalar buyurtma qilingan. Masjidi Nabaviyga yaqin bo`lgan “Pulman zam-zam” va Baytulloh atrofidagi “Jabal Umar” hududida joylashgan mehmonxona olingan; (oldingi yillarda ziyoratchilar Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km. bo`lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan)
- O`zbekiston Saudiyada umra safarini tashkil qilish bo`yicha bir necha shirkat takliflarini o`rgangan. Bunda avvalo shirkatlarning Saudiya haj va umra vazirligi talabiga asosan umrani tashkil etish bo`yicha lisenziyasi bor yoki yo`qligiga e`tibor qaratilgan;
- Oldingi uzoq yillik hamkor shirkat ham pandemiyadan keyin lisenziya ololmagani uchun boshqa, imkoniyati kengroq “Abu Sarhad” shirkati bilan shartnoma imzolangan;
- Har bir Haj yoki umra mavsumi to`lovlar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Bu mablag`lardan boshqa maqsadda foydalanish imkoniyati yo`q;
- 2020 yil fevral oyiga qadar Umra uchun to`lov amalga oshirgan, hozirda borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to`lovlari qaytarib berildi.