2021 yil 26 yanvar kuni jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudida sudlanuvchi F. Arifxodjaev (1980 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.
Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.
Sud hukmiga ko`ra, F. Arifxodjaev Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mazkur hukmdan norozi taraflar hukm e`lon qilingan kundan e`tiboran yigirma sutka ichida, sudlanuvchi tomonidan esa unga hukmning nusxasi topshirilgan kundan e`tiboran shu muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga apellyasiya tartibida shikoyat berishlari yoki prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.