Bundan bir necha oy muqaddam Namangan viloyati Davlatobod tumani Yuksalish massivida ayol va erkak tortishuvi sabab "Malibu-2" avtomashinasi yoqib yuborilgani haqida xabar bergandik.
Voqea 2021 yilning 13 noyabr kuni soat 4:00larda Namangan viloyati Davlatobod tumanida yashovchi 1989 yilda tug`ilgan ayolning yashash uyi oldida yuz bergan.
Mazkur xolat yuzasidan Davlatobod tumani IIB huzuridagi TB tomonidan tergovga qadar tekshiruv xarakatlari olib borilib, jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.
Jinoyat ishida to‘plangan xujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudiga xavola qilindi. Sud ishi natijalariga ko‘ra, jinoyatchi aybdor deb topilib, qamoqqa olindi. Bu haqda "Darakchi"ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shaxar sudi sudyasi Elyor Pirmatov ma’lumot berdi:
"2022 yilning 24 yanvardagi qaroriga ko‘ra O‘zbekiston respublikasi Jinoyat Kodeksining 173-moddasi 2 qismi "V " bandi bilan ayblangan fuqaro Igamberdiyev Olim Isakovichga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, shu kuni hukm e’lon qilindi. Ayblanuvchi tomonidan fuqaroning Malibu rusumli avtomashinasini yoqib yuborishi natijasida yetkazilgan 231 million so‘m moddiy zarar masalasida ish ko‘rib chiqildi. Jazo tayinlashda sudlanuvchining aybiga iqrorligi, pushaymonligi, oilaviy moddiy sharoitlari e’tiborga olindi. Biroq ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zarar qoplanmaganligini, jabrlanuvchining davosi borligi inobatga olinib, ayblanuvchiga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinish jazosi tayinlandi. Unga nisbatan qo‘llanilgam ehtiyot chorasi bekor qilinib, u qamoqqa olindi."






