Avvalroq ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming so`m miqdorida pul mablag`i berilayotganiga doir yolg`on ma`lumotlar tarqalgan edi.
Hech qanday haqiqatga to`g`ri kelmaydigan va rasmiy manbalar orqali tasdiqlanmagan bu kabi uydirma xabarlarni tarqatuvchilar endilikda internetda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, odamlarni o`z tuzog`iga ilintirishga intilmoqda. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, mana bu sahifa vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan va uning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming so`m miqdorida pul mablag`i berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy ma`lumotlarni kiritish so`ralgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat bo`yicha quyidagilarni ma`lum qildi.
"Yuqorida keltirilgan axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan bo`lib, u hech qanday rasmiy asosga ega emas.
Shu bois vazirlik aholidan bu kabi feyk xabarlarga ishonmasliklarini, vaksinasiya jarayonlari bilan bog`liq eng to`g`ri ma`lumotlarni Sog`liqni saqlash vazirligining rasmiy ssv.uz sayti hamda telegramdagi https://t.me/ssvuz, https://t.me/ssvmatbuotkotibi sahifalari orqali olishlari mumkinligini eslatib o`tadi.
Unutmang, bu kabi yolg`on xabarlarni tarqatish tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo`ladi", - deyiladi vazirlik xabarida.