Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilinishi ma’lum qilindi.
Dastur doirasida poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.
Shuningdek, ayni paytda ayollarimiz ulushi past bo‘lgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi OTMlarda xotin-qiz talabalar ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizgacha yetkaziladi.
Buning uchun har yili xotin-qizlarning talaba bo‘lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun maqsadli ajratiladi.
— Ta’lim tizimining barcha pog‘onalarida o‘qishga intilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularga sharoit yaratamiz, – deya ta’kidladi Prezident
Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.
«Bu imkoniyat hali bizning tariximizda umuman bo‘lmagan», — dedi davlatimiz rahbari.






