Sevimli

Soch to`kilishini qanday to`xtatish mumkin?

Salomatlik 24.04.2022, 10:58
Soch to`kilishini qanday to`xtatish mumkin?

Sog`liqni saqlash vazirligi  Matbuot xizmatining soch to`kilishi haqidagi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o`rinbosari Ilhom RAHIMOV javob berdi.

—  Sochning tabiiy yoki me`yoridan ortiq to`kilayotganini bilish mumkinmi?

— Albatta. Buning uchun boshni yuvib, oradan bir kun o`tgach, soch tolalarini ushlab torting. Agar qo`lingizga 7 donadan kam tola uzilib chiqsa, buning zarari yo`q. Biroq aksi bo`lsa, imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qilish lozim.

—  Soch to`kilishining oldini olish uchun nima qilish kerak?

—  Buning uchun, avvalo, sog`lom turmush tarziga rioya qilish va to`g`ri ovqatlanish zarur. Unutmang, sochlarning to`kilish muammosini maxsus shampun, vitamin-mineralli komplekslar va shu kabi qo`shimcha vositalar yordamida hal qilish ijobiy samara beradi.

Soch parvarishiga taalluqli ba`zi vositalar tarkibida foydali va parvarishlovchi komponentlar mavjud va ular sochlarga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Zarur bo`lgan moddalar etishmovchiligini to`ldirib, follikulalarning oziqlanishini yaxshilaydi.

️Soch parvarishida quyidagilarga amal qilish lozim:

Cochni yuvayotganda suv harorati 35-45 daraja iliq bo`lishi kerak. Soch qanchalik yog`li bo`lsa, suv harorati nisbatan pastroq bo`lishi zarur.

Shampunni soch turiga qarab tanlash maqsadga muvofiq. Mutaxassislar shampundan so`ng maxsus tekislovchi vositalardan foydalanishni tavsiya qiladi. Ular soch qurishini va tarashni osonlashtiradi, tolaga elastiklik baxsh etadi.

Soch tarash bir qarashda oddiydek tuyulishi mumkin. Ammo uning ham e`tibor qilinishi lozim bo`lgan jihatlari bor: jumladan, kalta sochlar ildizidan, uzun sochlar pastki qismidan boshlab taraladi.

 

👉🏻Soch quritkichni tez-tez qo`llash tavsiya etilmaydi. Uni boshdan 40 santimetr uzoqlikda ushlab — “sovuq quritish” lozim.

 

Unutmang! Sochni sovun bilan yuvish mumkin emas. Chunki sovun toladagi suv-lipid qavatini yo`qotadi va zararlaydi.  

 

Sharhlar