Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o`tkazildi.
Unda, “I.K.” MChJ bosh muhandisi M.K. “G`.” MChJ rahbari A.dan uni Navbahor tuman hududida tik quduq qazish ishlarini amalga oshirish uchun pudratchi tashkilot sifatida ishtirok etishini tanishlari yordamida hal qilib berish evaziga 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.